Afg‘onistonning anorli ichimligi Qozog‘istonda ham tekshiruvdan o‘tkazildi

Olam

image

Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan “Golden Life” anorli gazlangan ichimligi Qozog‘istonda sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi anor ta’miga ega salqin gazlangan ichimliklarni sanitariya tekshiruvidan o‘tkazgan.

“Ko‘rsatib o‘tilgan gazlangan ichimliklarning markalanishi Bojxona ittifoqining “Oziq-ovqat mahsulotlarining markalanishi bo‘yicha” texnik reglamenti talablariga mos kelmasligi aniqlandi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qozog‘istonlik mutaxassislar ichimlik bankasida “bo‘yoq moddasi (azorubin E 122) bor” degan ogohlantiruvchi yozuv yo‘qligini aniqladi. Mazkur modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, qadoqlarda ichimliklarning tarkibi va ozuqaviy qiymati, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan.

“Bu ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan Bojxona ittifoqi texnik reglamentlarining majburiy talablariga muvofiqligini baholash tartib-taomillari o‘tkazilmaganini ko‘rsatadi”, deydi vazirlik.

Qo‘mita tekshiruv natijalarini “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasiga yuborgan. Ular savdo korxonalarini tegishli ruxsatnomalarsiz ushbu mahsulotlarni sotib olmaslik haqida ogohlantirishi kerak. “Golden Life” va boshqa ichimliklarni sotishga hali rasmiy taqiq yo‘q. Qozog‘istonliklar orasida gazlangan ichimlik iste’mol qilgandan keyin zaharlanish holatlari qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Afg‘onistonning anorli gazli ichimligini sotish taqiqlangandi. O‘zbekistonda ham Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi anor ta’mli mahsulotlardan qayta namunalar olinib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston bo'yoq Golden Life”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing