Afg‘onistonning AQSHdagi elchixona va konsulliklari yopildi
Olam
−
17 mart 2022
6943Afg‘onistonning Vashingtondagi elchixonasi hamda Nyu-York va Los-Anjelesdagi konsulliklari mablag‘ yetishmasligi sababli yopildi. Bu haqda Afg‘onistonning AQSHdagi elchixonasi bayonotiga tayanib xabar berilgan.
Afg‘oniston elchixonasi bayonotida aytilishicha, afg‘on diplomatik missiyalari AQSH ma’muriyati tomonidan ularning bank hisoblari muzlatib qo‘yilgani sababli tobora kuchayib borayotgan muammolar va o‘tkir moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ta’kidlanishicha, diplomatik missiya AQSH Davlat departamentidan yordam so‘ragan va Vena konvensiyasiga muvofiq elchixona va boshqa diplomatik vakolatxonalar xavfsizligi uchun javobgarlikni AQSH ma’muriyatiga topshirishni taklif qilgan.
Bayonotga ko‘ra, diplomatik faoliyatni to‘xtatish va mulk saqlanishi uchun javobgarlikni AQSH Davlat departamentiga topshirish kecha, 16 martdan kuchga kirgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yil bahorida AQSH Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib ketishini e’lon qilgach, “Tolibon” mamlakatda nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiyalarni boshladi. O‘tgan yilning 15 avgustida toliblar jangsiz Qobulga kirishi ortidan Prezident Ashraf G‘ani respublikani tark etgach, Vashington ma’muriyati ag‘darilgan Afg‘oniston hukumatining AQSH banklaridagi davlat zaxiralarini muzlatib qo‘ydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ham Qobulga yordam berishni to‘xtatdi. Muzlatilgan mablag‘larning umumiy miqdori taxminan 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.
“Tolibon” ko‘rayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. “Tolibon” rahbariyati bir necha bor Vashingtondan Afg‘oniston davlat zaxiralarini blokdan chiqarishni so‘ragan. Biroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken aytishicha, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlarining Afg‘onistonga moliyaviy yordam ko‘rsatish va uning xorijiy banklardagi aktivlarini muzdan chiqarish bo‘yicha qarorlari “Tolibon”ning keyingi qadamlari asosida qabul qilinadi.
LiveBarchasi