Afg‘onistonga ommaviy ochlik xavf solmoqda

Olam

image

“Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Qobulni qo‘lga kiritganidan beri, ko‘plab afg‘onlar har kuni ishsiz qolish xavfiga duch kelmoqda, shuningdek oziq-ovqat narxi o‘smoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, odamlar doimiy ravishda o‘zlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash va turar-joy ijarasiga to‘lov haqida qayg‘urishiga to‘g‘ri kelmoqda. 

“Men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, o‘z xavfsizligim va omon qolishim, bolalarim va oilamni qanday boqish haqida boshim qotgan”, deydi maoshidan mahrum bo‘lgan Qobuldagi sobiq politsiya xodimi. 

Sobiq politsiya xodimining so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” Qobulni egallashidan oldin u 260 dollar maosh olgan. U butun oilasi — o‘zi, rafiqasi va to‘rt farzandini shu pulga boqar edi. 

“Men ijaraga olingan kvartirada yashayman va so‘nggi uch oy davomida uy egasiga pul to‘lamaganman”, deya qo‘shimcha qilgan sobiq politsiya xodimi. 

Qayd etilishicha, qurg‘oqchilik mavsumidan so‘ng, qishloq aholisiga ommaviy ochlik tahdid solgan hamda ular chodirlarda va vaqtinchalik boshpanalarda hayotlarini saqlab qolish uchun shaharlarga ketishga majbur bo‘lgan. 

Xalqaro gumanitar agentliklarning aytishicha, Afg‘onistonga tijorat reyslarining to‘xtatilishi dori-darmon va boshqa yordamlarni yetkazib berishni imkonsiz qilgan. 

Jangarilarning provinsiya shaharlari bo‘ylab tez yurishi mahalliy afg‘on valyutasining qadrsizlanishiga va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishiga olib kelgan. Un, yog‘ va guruch bir necha kun ichida 10-20 foizga qimmatlashgan. Western Union ofislarining yopilishi tufayli chet eldan pul o‘tkazmalari to‘xtatilgan. 

Fitch Solutions kompaniyasining Osiyodagi mamlakatlar xavfi bo‘yicha rahbari Anvita Basuning fikricha, yaqin kelajakda mamlakatda jiddiy inqiroz yuz beradi. 

“Shu kabi sharoitda bo‘lgan Myanma va Suriya mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining taxminan 10-20 foizga pasayishiga duch keldi. Bunday ssenariyni Afg‘oniston uchun ham istisno qilib bo‘lmaydi”, degan u. 

Basuning aytishicha, shu oyning o‘zida yetti foizdan ziyod arzonlashgan afg‘on valyutasi yana tushishi mumkin. Sababi, AQSH “Tolibon”ga taqiq qo‘yish maqsadida davlatning aksariyat tashqi aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Ekspertning fikricha, hozir Afg‘oniston iqtisodiyoti giperinflyatsiya xavfiga duch kelmoqda. 

Bundan tashqari, o‘nlab yillar davom etgan urush sog‘liqni saqlash tizimiga ham putur yetkazgan. Basuning aytishicha, afg‘onlarning koronavirusga qarshi vaksina olish imkoniyati hamisha kam bo‘lgan, ammo hozir vaziyat yanada “ayanchli” tus olgan.

Avvalroq, mamlakatda tinch fuqarolar va Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarining sobiq xodimlarini sudsiz qatl qilish, ayollarning huquqlarini cheklash, shu jumladan, erkin harakatlanish va qizlarning maktabda o‘qish huquqi “Tolibon” jangarilari tomonidan qo‘pol ravishda buzilayotgani to‘g‘risida xabar bergandik.  

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing