Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvida O‘zbekiston qanday tashabbus bilan chiqdi?
Jamiyat
−
14 aprel 2023
7280Kecha, 13 aprel kuni Samarqandda O‘zbekiston tomoni raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilingan.
Shuningdek, Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlangan.
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy omili sifatida Afg‘oniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhimligi qayd etilgan.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Afg‘oniston hududida qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanini bildirgan.
Eron TIV bayonotida esa O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston atrofida “xavfsizlik kamari”ni yaratish bo‘yicha BMT va Tojikiston nazorati ostida xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini olg‘a surgani ma’lum qilingan. Forum ishtirokchilari bu borada to‘liq ma’lumot olishni kutishini bildirgan.
Shuningdek, tomonlar eng qisqa fursat ichida uchta ishchi guruh: siyosiy va diplomatik ishchi guruh; iqtisodiy va gumanitar ishchi guruh hamda xavfsizlik va barqarorlik bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishlarini shakllantirishga urg‘u bergan.
Forum so‘nggida ishtirokchilar O‘zbekistonga Tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvini juda yuqori saviyada o‘tkazgani uchun minnatdorchilik bildirgan holda, shu turdagi uchrashuvning beshinchisi 2024 yilda Ashxobodda yoki zarurat tug‘ilganda, undan ham ertaroq muddatda o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi