Afg‘onistonga faqat xavf manbai sifatida qarash muammoni hal qilmaydi – Saida Mirziyoyeva (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonni yolg‘iz qoldirmaydi hamda butun Markaziy Osiyo mamlakatlari endi bir-biriga raqib emas, sherik sifatida qaray boshlagan. Bu haqda Saida Mirziyoyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridagi nutqi davomida so‘z ochdi.

Bugun, 24 sentyabr kuni (AQSH vaqti bilan 23 sentyabr kuni) O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida, Birlashgan Millatlar Tashkilotida bo‘lib o‘tayotgan kengaytirilgan Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida nutq so‘zladi. Unda Saida Mirziyoyeva bir qancha global va dolzarb masalalarga to‘xtaldi.

Jumladan, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyo yaqin o‘tmishda ham turli ziddiyatli muammolar girdobida ekanini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi qo‘shni davlatlar avval o‘zaro raqib sifatida muloqotga kirishgan bo‘lsalar, endilikda bir-birlariga sherik sifatida qaray boshlagan.

“Xonimlar va janoblar! Yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyo hal etilmagan chegaralar, suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq muammolar va boshqa ko‘plab ziddiyatlar fonida tilga olinardi. 

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi vaziyat va muhit tamomila o‘zgardi. Biz bir-birimizga raqib emas, sherik sifatida qaray boshladik”, degan Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Afg‘oniston masalasini ham tilga olgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘p millatli afg‘on xalqini muammolari bilan yolg‘iz qoldirish hududdagi muammolarga yechim bo‘lmaydi. 

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston masalasidagi yondashuvi ham shunday. Afg‘onistonga faqat xavf manbai sifatida qarash muammoni hal qilmaydi. Ko‘p millatli afg‘on xalqini muammolari bilan yolg‘iz qoldirish ham yechim emas. Ularga tinch hayotga erishish uchun umid, ishonch berilishi kerak”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi mazkur nutqida O‘zbekiston uchun inson qadri, uning huquq va manfaatlari har qanday harbiy hamda iqtisodiy salohiyatdan ustun turishini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing