Afg‘onistondan Buxoroga kontrabanda qilingan narkotik fosh bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
18 Oktabr 2025 3882 2 daqiqa
Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazib berilgan 45 kg giyohvandlik vositasini olib ketayotganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Andijon shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli transport vositasi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada mashinada u bilan ketayotgan sherigi – Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosining yonida 4 kg 897 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi ushbu ajal og‘usini Buxoro tumanidagi dala maydonidagi xufiya joydan olgani aniqlanib, mazkur hudud ko‘zdan kechirilganda, u yerda yana 45 kg 52 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, muqaddam uchinchi shaxslar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazib berilgan ushbu qariyb 50 kg giyohvandlik vositasi O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida olib o‘tilishi kerak bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida profilaktika inspektori xizmat xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangandi.
Live
Barchasi