Afg‘onistondagi vayronkor suv toshqinlari oqibatida 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi (video)
Olam
−
12 may
7102Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatida sodir bo‘lgan suv toshqini 300 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP)ning Afg‘onistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Tabiiy ofat oqibatida mingdan ortiq uy vayron bo‘lgan. Afg‘onistonda aprel oyida mavsumiy yomg‘irlar boshlandi. Bunga qadar mamlakatning yana 10 ta viloyatida qurbonlar qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqinlari Bag‘lon, Taxar, Badaxshon, G‘or va Hirot viloyatlarida ham sodir bo‘lgan. Bu hududda jala minglab uylar va infratuzilmalarni vayron qilib, mahalliy aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirishida qiyinchilik tug‘dirgan.
"Afg‘oniston hukumati toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar boshchiligidagi delegatsiyani tuzdi", deb xabar bermoqda "TOLO News".
"Tolibon" iqtisodiyot vaziri Muhammad Hanif bugun, 12 may kuni BMT, gumanitar jamg‘armalar va xususiy biznes vakillariga toshqin qurbonlariga yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qildi. Shu fonda turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar Afg‘onistonni tabiiy ofatlarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda. Shu tariqa Qatar TIV halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etishga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Turkiya hukumati ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, bu Afg‘onistonda kuchli yomg‘irlar ommaviy o‘limga olib kelgan birinchi toshqin emas. Joriy yilning aprel oyida mamlakatning 13 viloyatida sodir bo‘lgan suv toshqini 50 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, yuzlab uylar vayron bo‘lgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqlim o‘zgarishi sababli tabiiy ofatlarga moyil bo‘lib, bu ko‘pincha o‘limga olib keladi. Ayni paytda afg‘onistonliklarning qishloq xo‘jaligiga qaramligi ularning hayotiga tahdidni yanada kuchaytiradi.
LiveBarchasi