Afg‘onistondagi Alisher Navoiy haykali vayron qilindi. Jamoatchilik “Tolibon”dan norozi
Olam
−
20 avgust 11226 2 daqiqa
Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykalini butunlay buzib tashladi. Bu haqda “Amu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tolibon”ning bu harakati qator ziyolilar va siyosatchilarining g‘azabini keltirib chiqargan. Ularning aytishicha, “Tolibon” nafaqat boshqa millatlarning ma’naviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy faxriga e’tibor bermayapti, balki amalda mamlakatning madaniy va tarixiy o‘zligini yo‘q qilish va kamsitish bilan shug‘ullanmoqda.

“Tolibon” esa hozircha bu ish yuzasidan hech qanday izoh bermagan.
Shuningdek, faol fuqarolar bugun, 20 avgust kuni muvaqqat hukumatning bu ishini qoralab, bayonot bilan chiqqan. 20 ta fuqarolik va ijtimoiy tashkilot tomonidan tayyorlangan bu qo‘shma bayonotda Alisher Navoiyning haykalini buzish “xalqning umumiy xotirasiga va Afg‘onistonning o‘zligiga hujum” sifatida baholangan.
Ushbu tashkilotlar xalqaro hamjamiyatni, UNESCO’ni, xalqaro tashkilotlarning madaniy muassasalarini va inson huquqlari himoyachilarini Afg‘oniston xalqlarining tarixiy va madaniy merosini himoya qilish uchun darhol chora ko‘rishga chaqirgan.

Qayd etish joiz, haykalning buzilishi ijtimoiy tarmoqlarda ham aks sado bergan. Qobul universitetining o‘zbek adabiyoti professori Abdulhanon Qilich Arslon Facebook’da bu ishni “adolatdan tashqari” deb atab, voqea bo‘yicha aniqlik kiritishni talab qilgan.
Alisher Navoiyning haykali taxminan 17 yil avval Mozori Sharif shahar hokimiyati tomonidan, uning xotirasini yodga olish maqsadida o‘rnatilgan edi.
Avvalroq ham Navoiyning haykali qisman buzilgani haqida xabarlar chiqqan, ammo “Tolibon” rasmiylari uning butunlay buzilishi haqida hech qanday izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning fevral oyida ham Alisher Navoiyning Mozori Sharifdagi haykali buzib tashlangandi. O‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov holatga munosabat bildirib, bu ishni “vandalizm” deb atagandi. Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Afg‘oniston vakillariga tayanib, Navoiy haykalini begona kishilar vayron qilganini aytgan.
Live
Barchasi