Afg‘onistonda TikTok ishlatganlar hibsga olina boshlandi
Olam
−
17 may
2492Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilarini hibsga olishni boshladi. Bu haqda “Khaama Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Tolibon” muvaqqat hukumatining ezgulikni targ‘ib qilish va yovuzlikning oldini olish vazirligi vakili Saif ul-Islom Hayber ikki TikTok foydalanuvchisining tavba qilishga majburlangan videolarini e’lon qilgan.
Ulardan biri – mashhur bloger Harun Pakora. U videoda “o‘z qilmishlarini tan olib”, TikTok’da ayollar bilan muloqot qilgani uchun hibsga olinganini aytgan. Shu bilan birga, bloger ayollar bilan bog‘lanishni to‘xtatishga va’da bergan. Hibsga olingandan keyin blogerning sochi majburan qirqilgan.
Qolaversa, yana bir holatda TikTok’da komedik jonli efirlari bilan tanilgan Shir Ali Mobarez ham hibsga olingan. U “ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul xatti-harakatlar” qilishda ayblangan.
Afg‘onistonning axloqni nazorat qiluvchi vazirligi joriy yilning 11 may kuni ijtimoiy tarmoqlardan noaxloqiy va noqonuniy maqsadlarda foydalanish yuridik javobgarlikka olib kelishi haqida rasman ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumatining ezgulikni targ‘ib qilish va buzuqlikning oldini olish vazirligi tomonidan Afg‘onistonda shaxmat o‘yini rasman taqiqlangan edi.
LiveBarchasi