Afg‘onistondagi kuchli zilzilada 250 dan ortiq kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
01 Sentabr 2025 9703 1 daqiqa
Kecha, 31 avgust kuni Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegaradosh hududda 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 500 ga yaqin odam jarohatlangan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zilzila tunda 23:47 da yuz bergan, silkinishning epimarkazi Nangarhor viloyatidagi Jalolobod shahridan 27 km shimoli-sharqda joylashgan. Chuqurligi 8 km bo‘lgani uchun katta vayronagarchilik yuzaga kelgan. Oradan 20 daqiqa o‘tib, xuddi shu viloyatda yana 4,5 magnitudali zilzila qayd etilgan, tebranishlar Kunar viloyatiga ham sezilgan. Ko‘plab odamlar uyquda tebranishlarni anglamagan va vayronalar ostida qolib ketgan.
Loy va toshdan qurilgan uylar qulab tushgan, qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolganlarni izlamoqda. Kunar viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Nur-Gul, Soki, Vatpur, Manogi va Chapadare hududlarida 250 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 500 ga yaqin kishi jarohat olgan.
Nangarhor viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi dastlab 15 nafar jarohat olganlar haqida xabar bergan. Keyinchalik esa tibbiyot idoralari birgina qishloqda 30 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Rasmiylar halok bo‘lganlar soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Ammo haligacha ularning aniq soni ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 18:27 da Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lib, u O‘zbekistonga ham sezilgandi.
Live
Barchasi