Afg‘oniston O‘zbekiston va boshqa davlatlar oldidagi qarzini to‘lashga va’da berdi
Olam
−
05 Oktabr 2021
9048Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar oldidagi elektr energiyasidan qarzi qariyb 62 million dollarga yetdi. Bu haqda “Tolo News” telekanali Afg‘oniston energetika korporatsiyasi Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS)ga tayanib ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, DABS Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beradigan davlatlar – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan elektr energiyasini o‘chirmaslikni so‘ragan va qarzni to‘lashga va’da bergan. Ayni vaqtda uning to‘rtta qo‘shni davlat oldida 51 millon dollardan oshiqroq qarzi bor.
Ta’kidlanishicha, energetika korporatsiyasi qarzlarni bartaraf etish uchun BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasidan 90 million dollar so‘ragan. Agar missiya yordam berishni rad etsa, elektr energiyasining pulini to‘lamagan afg‘onlarga bosim o‘tkazilishi mumkin.
“Qarzlar to‘lanmasa, qo‘shni davlatlar eksport qilinadigan elektr energiyasini kamaytirib, asta-sekin uzib qo‘yishi mumkin. DABS muammoni zudlik bilan hal qilishi kerak”, deydi energetika korporatsiyasining sobiq direktori Omonulloh G‘olib.
Qobul aholisi ham bir-birini qarzlarni to‘lashga chaqirmoqda. Ular qishda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkinligidan xavotirda.
“Biz xususiy kompaniyalar, fabrikalar va to‘lovlarini to‘lamagan odamlarni hisoblarini to‘lashga chaqiramiz. Shundagina elektr energiyamiz uzilmaydi. Qish yaqinlashayotganligi sabab bizni jiddiy muammolar kutmoqda”, deydi qobullik Abdul Xabir.
Nashrda keltirilishicha, har oy Afg‘oniston qo‘shni davlatlarga 22-25 million dollar atrofida qarz to‘laydi.
Avvalroq, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston poytaxti Qobulga elektr energiyasi yetkizib berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston milliy energiya tizimiga ega emas, mamlakat foydalanadigan elektr energiyasining yarmini Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston yetkazib beradi.
LiveBarchasi