Afg‘oniston o‘zbek kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani qayta ko‘rib chiqmoqchi
Olam
−
12 aprel 2022
22999Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi (Afghanistan Railways Authority – ARA) mamlakat temir yo‘l stansiyalarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqmoqchi. Bu haqda “Ariananews” xabar berdi.
ARA rasmiylarining aytishicha, Afg‘oniston temir yo‘l vokzallarini qo‘shni davlatlar bilan ishlatish bo‘yicha shartnomalar mamlakat manfaatlarini hisobga olmasdan tuzilgan.
Qo‘shni davlatlar kompaniyalariga stansiyalarni ishlatish uchun har yili o‘n millionlab dollar to‘lanadi, deydi rasmiylar.
Biroq, ARA’ning yangi rahbariyati hozirda temir yo‘l stansiyalari nazoratini Afg‘oniston milliy iqtisodiyotiga bevosita foyda keltirishi uchun afg‘on kompaniyalariga o‘tkazish rejasi ustida ishlamoqda.
ARA direktori Baxt-u-Rahmon Sharafatning aytishicha, O‘zbekiston kompaniyasi Hayraton portini boshqarish bo‘yicha yiliga 18 million dollarlik shartnomaga ega. Biroq, mahalliy kompaniyalar xuddi shu ishni ancha kam pul evaziga bajarishga tayyor.
“Yuklarimizning katta qismi olib o‘tiladigan “Hayraton” portini boshqarish uchun yiliga 18 million dollar evaziga o‘zbek kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lsa, Afg‘oniston kompaniyalari bu mablag‘ning 25 foizdan kamrog‘iga bu ishni bajaradi”, deydi Sharafat.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston xususiy sektori ham mamlakat temir yo‘l ma’muriyatini o‘z portlarida savdo salohiyatini oshirishga chaqirgan.
LiveBarchasi