“Adolat” SDP “Bekobod ishi” tergovidagi qiynoqlar bo‘yicha adolat talab qilyapti
Jamiyat
−
25 fevral 2020
9186
Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va film e’lon qilingan edi. Mazkur filmga nisbatan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“QALAMPIR.UZ saytida Bosh prokuratura tomonidan 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi qonunchilikka zid ravishda o‘tkazilganligi, tergovda ishtirok etganlarga va yaqinlariga Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jismoniy hamda ruhiy tazyiqlar o‘tkazilib, qiynoqqa solinganliklari yoritilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Bosh prokuratura tomonidan tekshirish harakatlari boshlandi. Tez orada e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanishi ma’lum qilindi.
Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan tezkor munosabat bildirilganini va tekshirish ishlari boshlanganini ijobiy baholaymiz. Bu ommaviy axborot vositalarining “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanish sari dadil qadamlar tashlanayotganini ko‘rsatib berdi.
Umid qilamizki, Bosh prokuratura mazkur ishni qonuniy tartibda ko‘rib chiqadi hamda adolat ta’minlanishiga erishadi. Zero inson har narsaga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chidolmaydi. Adolatsizlik adolatni ta’minlovchi idoralar tomonidan sodir etilsa, bir necha karra og‘riqli bo‘ladi. Bu kabi holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amalga oshirilgan islohotlar bugungi kun shiddatidan ortda qolayotganini anglatadi.
Bejizga, Prezidentimiz joriy yilgi parlamentga Murojaatnomasida sudgacha bo‘lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari nega buzilgan, degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt kelganini, shuningdek, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilg‘or standartlarni joriy etish maqsadida Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni yangitdan qabul qilish lozimligini ta’kidlamadilar.
O‘zbekiston “Adolat” SDP ham mazkur sohada bir qator tizimli islohotlarni amalga oshirish vaqti keldi deb hisoblaydi.
Birinchidan, bugungi kunda dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV va DXX tomonidan amalga oshirilmoqda. Dastlabki tergov organlarining tarqoqligi natijasida inson huquqlarining buzilishi holatlari yuz berayotganligi saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatni bartaraf qilish, dastlabki tergov ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, mamlakatda yagona tergov organi – Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlarning qonunlarni aniq bajarilishi ustidan nazorat qilish vazifasini kengaytirish va quyi prokuratura organlariga “Xalq prokuraturasi” maqomini berish tashabbusini amalga oshirish kerak.
Uchinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik oldida hisobot berib borish tartibini yanada takomillashtirish va uning shaffofligini yanada oshirish lozim deb hisoblaymiz.
Inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati muqaddas bo‘lib, uni tergov, sud, surishtiruv, jazo etish muassasalarida cheklashga, huquqini poymol qilishga hech kimning haqqi yo‘q”.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangan. Ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Barcha voqea shundan boshlangan. Ularning aytishicha, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgan. Tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagan, boshlariga “sellofan” paket kiydirgan, sovuq xonalarda yechintirgan, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgan. Filmda mazkur holatlar fuqarolar tilidan hikoya qilinadi.
Film ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh prokuratura tomonidan tekshirish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
LiveBarchasi