Afg‘oniston Pokistondagi yadroviy ob’ektga zarba berdi – OAV
Olam
−
28 fevral 16354 2 daqiqa
Afg‘oniston harbiylari Pokistondagi yadroviy ob’ektga hujum qildi. Bu haqda afg‘on telekanali “Ariana News” xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Xayber-Paxtunxva viloyati, Abbottobod tumani yaqinidagi ob’ektlarga yo‘naltirilgan. Xususan, nishonlar orasida yadroviy poligon hamda Pakistan Military Academy (PMA) bo‘lgan. Akademiya Kakulda joylashgan bo‘lib, Pokiston Quruqlik qo‘shinlari uchun ofitserlar tayyorlaydigan asosiy harbiy o‘quv markazi hisoblanadi. Telekanal “yuzlab halok bo‘lganlar va yaradorlar” haqida xabar bergan, jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgani aytilgan.
“Tolibon” Abbottoboddagi zarbalarni tasdiqlagan. Shuningdek, zarbalar Faysalobod yaqinidagi harbiy lagerga hamda Jamruddagi bazaga berilgani ma’lum qilingan. Afg‘on tomoni bu harakatlarni avvalroq Qobul, Qandahor va Paktiyaga berilgan zarbalarga javob sifatida izohlagan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha to‘qqizta yadroviy davlat mavjud. Ularning beshtasi – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya – 1968 yildagi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida rasman tan olingan. Shartnoma imzolangandan keyin yadroviy sinov o‘tkazgan davlatlar – Hindiston, Shimoliy Koreya va Pokiston – norasmiy yadroviy davlatlar hisoblanadi. Isroil esa alohida holat bo‘lib, uning yadroviy sinovlari haqida ishonchli ma’lumotlar mavjud emas.
24 fevraldan boshlab ikki davlat o‘rtasida chegara hududlarida qurolli to‘qnashuvlar yana kuchaygan. 26 fevral kuni Afg‘oniston chizig‘i bo‘ylab keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, afg‘on tomoni o‘z havo hududiga kirgan Pokiston samolyotini urib tushirgan.
Pokiston Mudofaa vaziri Xoja Osif o‘sha kuni Afg‘onistondagi toliblar hukumatiga nisbatan “ochiq urush” e’lon qilinganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyatning keskinlashayotganidan chuqur xavotirdaligini bildirgandi.
Live
Barchasi