Afg‘oniston chegarasida Tojikiston fuqarosi “daydi o‘q” tegib o‘ldi
Olam
−
15:06 1377 1 daqiqa
Tojikiston Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida mamlakat fuqarosi halok bo‘lgani sababli afg‘on tomoniga norozilik notasini yubordi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Axborot va matbuot boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha 13 avgust kuni Afg‘oniston hududidan Panj daryosining narigi sohiliga o‘q uzilishi oqibatida Tojikistonning Darvoz tumanidagi Dashtak qishlog‘ida yashovchi 21 yoshli ayol halok bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida “Tolibon” harakati va uning muxoliflari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar kuchaygan. Bu janglar Tojikistonning chegaradosh hududlari xavfsizligiga tahdid tug‘dirgani aytilmoqda.
Shuningdek, Tojikiston tomoni havo hududi buzilgani va chegara yaqinidagi aholining uylariga zarar yetkazilganini bildirgan. Tojikiston afg‘on tomonini davlat chegarasi daxlsizligini hurmat qilishga va bunday hodisalar takrorlanishining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Tojikistonning Darvoz va boshqa G‘arbiy Pomir hududlari bilan chegaradosh.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston kuchlari Pokistondagi ISHID ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi