Afg‘oniston armiyasi bir sutkada “Tolibon”ning qariyb 500 jangarisini yo‘q qildi

Olam

image
0:00
0:00
download
Afg‘oniston Prezidenti “Tolibon” o‘zgarganini aytdi north_east

Afg‘oniston Prezidenti “Tolibon” o‘zgarganini aytdi

Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (AMMXK) bo‘linmalari oxirgi bir kun ichida “Tolibon” harakatining 455 nafar jangarisini yo‘q qildi va yana 232 kishini yaraladi. Bu haqda bugun, 2 avgust kuni mamlakat Mudofaa vazirligining Twitter sahifasida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston Armiyasi Nangarxar, Paktiya, Paktika, Lahor, Qandahor, Hirot, Faryob, Jovzjon, Balx, Samangan, Helmand, Taxor, Qunduz, Bog‘lon va Kapisa provinsiyalarida qattiq janglar olib bormoqda.

Ayniqsa, kuchli qarama-qarshilik Afg‘onistonning uchinchi eng yirik aholi punkti bo‘lgan Hirot shahri uchun kechmoqda. Toliblar ushbu shaharning markaziy kvartallariga kirgan. AMMXK maxsus kuchlar bo‘linmalarini Hirotga qo‘shimcha kuch sifatida tashlagan. Ularning yordamida “Tolibon”ning shahar qamoqxonasiga bostirib kirishiga chek qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” harakatining so‘zlariga ko‘ra, ular mamlakatning 90 foizga yaqinini o‘z nazoratiga olgan. Biroq rasmiy Qobul buni rad etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida “Tolibon” G‘arb koalitsiyasi qo‘shinlari chiqib ketishi bilan Afg‘onistonning besh davlat — Eron, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh hududlarini nazorat ostiga oldi. 

Afg‘oniston Qurolli kuchlarining yangi qo‘mondoni general Vali Muhammad Ahmadzayga ko‘ra, armiyaning ustuvor vazifasi mamlakatning asosiy shaharlari, chegara o‘tish joylari va avtomobil yo‘llarini toliblardan himoya qilishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, harakat rahbarlari birinchi navbatda tovar yetkazib beriladigan asosiy yo‘llarni kesib, keyin shahar va provinsiyalarga hujum uyushtirmoqchi.

Qayd etish kerakki, hozirda Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida harbiy harakatlar ketyapti. Kimning qo‘li baland kelishi borasida bir aniq bashorat berish qiyin. Chunki O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisidan har kuni turli xil xabarlar kelmoqda. 

Bir safar toliblar Afg‘onistonning biror tumanini egallagani aytilsa, boshqa safar hukumat kuchlari harakat a’zolarining bir qancha jangarilarini yo‘q qilganini aytmoqda. Jumladan, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bir sutkada “Tolibon” harakatining bir qancha jangarasini yo‘q qilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, iyul oyi oxirida harakatning bir necha qo‘mondonlari hibsga olingani aytilgandi. Shu o‘rinda, mamlakatni tark etayotgan AQSHning urinishlarini esdan chiqarmaslik kerak. Amerika Havo kuchlari bir necha marta toliblarni havodan o‘qqa tutib, “Tolibon”ni faol harbiy harakatlar olib bormaslikka chaqirdi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing