Afg‘oniston amiri ko‘knori yetishtirishni taqiqladi

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” radikal harakati butun mamlakat bo‘ylab ko‘knori yetishtirishni taqiqladi. Bunday buyruqni harakatning oliy rahbari Haybatulla Oxundzoda bergan.

Afg‘onistonning “Bakhtar” axborot agentligi xabariga ko‘ra, “Tolibon” yetakchisi kecha, 3 aprel kuni “barcha afg‘onlar endi ko‘knori yetishtirish qat’iy taqiqlangani to‘g‘risida xabardor qilinganini” qayd etgan. Tolibon oliy rahbarining buyrug‘ini buzganlar shariat (Islom qonunlari) bo‘yicha hukm qilinadi va topilgan barcha ekinlar darhol yo‘q qilinadi.

Bundan tashqari, Oxundzodaning farmoni bilan “barcha turdagi giyohvandlik vositalari, shuningdek, [tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan] tabletkalar va spirtli ichimliklardan foydalanish, tashish, savdosi, eksporti va importi taqiqlangan”. Afg‘onistondagi barcha giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham taqiq ostida qolgan.

“Tolibon” oliy rahbarining buyrug‘ida ta’kidlanishicha, “bu farmonga bo‘ysunish barcha afg‘onlar uchun majburiydir”.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa respublikani tark etdi. 6 sentyabr kuni “Tolibon” butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon ko'knori

Baholaganlar

268

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing