Afg‘ondan ketayotgan AQSH qo‘shinlari sarson. Pokiston — so‘nggi imkon. Islomobodning esa o‘z talablari bor

Olam

image

Pokiston AQSH Markaziy razvedka boshqarmasiga o‘z hududidagi harbiy bazalardan “Al-Qoida” terroristik tarmog‘i, “Islomiy davlat” guruhi va “Tolibon” harakatiga qarshi transchegaraviy operatsiyalarni o‘tkazish uchun foydalanishga ruxsat berish imkoniyatini qat’iyan rad qilmoqda. Bu haqda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon “Axios” yangiliklar portaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Imron Xon AQSHga terrorizmga qarshi operatsiyalarni o‘tkazish uchun bazalar taqdim etish imkoniyati to‘g‘risida savolga quyidagicha javob berdi:

“Hech qanaqasiga biz [Markaziy razvedka boshqarmasiga) Pokiston hududidan Afg‘onistonga qarshi harakatlarni amalga oshirish uchun harbiy baza bermaymiz”.

Joriy yilning 8 iyun kuni Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi ham “amerikaliklarni harbiy bazalar bilan ta’minlash haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, deya mamlakat pozitsiyasini ma’lum qilgandi.

O‘tgan hafta “The New York Times” gazetasi AQSH Prezidenti Jo Baydenning buyrug‘iga binoan Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan shoshilinch ravishda olib chiqib ketish bu mamlakatda ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Markaziy razvedka boshqarmasini zudlik bilan yangi “baza” topishga majbur qilgani haqida xabar berdi. Amerika nashrining yozishicha, AQSHda bazani ko‘chirish uchun tanlov imkoniyati deyarli yo‘q va Pokiston eng asosiy da’vogardir. 

Pokiston konsultatsiyasi

Islomobod bilan muzokaralar, juda qiyin kechmoqda, chunki Markaziy razvedka boshqarmasida vaqt cheklangan — AQSH harbiylari iyul oyining o‘rtalariga kelib Afg‘onistonni tark etishga harakat qilmoqda. 

Nashrga ko‘ra, Pokiston hukumati uzoq vaqtdan beri “Tolibon” harakatiga homiylik qilib kelgan va hozirgi sharoitda “Al-Qoida” bilan yaqin aloqada bo‘lgan toliblarning ambitsiyalarini jilovlash uchun amerikaliklarning ittifoqchisi sifatida harakat qilishga shoshilmayapti.

“Axios”ning qayd etishicha, Bosh vazir Xon uzoq vaqtdan beri Pokiston va AQSHning aksilterrorizm hamkorligiga qarshi bo‘lib kelgan. Amerika rasmiylari esa hanuzgacha Pokiston bilan harbiy bazalardan foydalanish bo‘yicha maxfiy kelishuvga erishamiz, deb umid qilmoqda. 

“The New York Times”ga ko‘ra, pokistonliklar o‘z mamlakatidagi harbiy bazadan foydalanish evaziga Amerikadan turli cheklovlarni talab qilgan. Manbaga ko‘ra, Pokiston AQSHning Afg‘oniston bo‘ylab zarbalarini tasdiqlash huquqiga egi bo‘lmoqchi. Bu esa rasmiy Islomobodga AQSH harbiylarining Afg‘onistonda o‘tkazadigan bo‘lajak operatsiyalari ustidan qisman nazorat o‘rnatish imkoniyatini beradi.

Qayd etish kerakki, Janubiy Osiyoda yetakchi rolni o‘ynashga intilayotgan Pokiston, allaqachon, AQSHning bu mintaqadagi ishonchli ittifoqchisi bo‘lishdan voz kechgan. Bunga javoban 2018 yilda o‘sha davrdagi AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston uchun ajratiladigan moliyaviy ko‘makni to‘xtatgan. Tramp o‘z qarorini Pokistonning harakatsizligi va Amerikaga foydasi tegmayotgani bilan izohlagandi. 

Pokiston bugungi kunda AQSHga qarama-qarshi bo‘lgan Xitoy va Rossiya hamda Turkiya bilan ancha yaqin. Bundan tashqari rasmiy Islomobodning Afg‘oniston borasida o‘z rejalari bor va u “Tolibon” bilan o‘zining mustaqil siyosatini yuritmoqda. “Tolibon” harakatining esa Afg‘onistondagi ta’siri ortib bormoqda. Harakat mamlakatning taxminan 40 foizga yaqin hududini o‘z nazoratiga olgan. Bundan tashqari, toliblar so‘nggi uch kuch ichida Afg‘onistonning 4 ta tumanini ham egalladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

535

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing