Afg‘on generali “Tolibon”ga qarshi bosh ko‘tarishni rejalashtirmoqda. U Ukrainani ham ogohlantirdi
Olam
−
30 aprel 2022
46508Afg‘on armiyasining sobiq generali va boshqa ko‘plab sobiq askarlar hamda siyosatchilar “Tolibon”ga qarshi yangi urush boshlashga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Xorijda yashayotgan general-leytenant Sami Sadatning aytishicha, sakkiz oylik “Tolibon” hukmronligi, ko‘plab afg‘on fuqarolarini harbiy harakatlar ushbu zulmatga barham berishning yagona yo‘li ekaniga ishontirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy operatsiyalar kelasi oy, Hayit bayramidan so‘ng, u Afg‘onistonga qaytishni rejalashtirgan paytda boshlanishi mumkin.
“Afg‘oniston “Tolibon”dan ozod bo‘lishi va demokratik davlat tuzumi qayta tiklanishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz… ozodligimizni qo‘lga kiritmagunimizcha, erk-irodamiz qo‘lga kiritilmagunicha kurashni davom ettiramiz”, deydi Sami Sadat.
General Sadat “Tolibon” hukumati tobora qattiqqo‘l boshqaruvni, jumladan, ayollar va qizlar huquqlariga nisbatan noinsoniy cheklovlarni qayta joriy qilayotganini ta’kidlab, ularning avtoritar tuzumini to‘xtatish va yangi sahifani boshlash vaqti kelganini aytdi.
“Sakkiz oylik “Tolibon” hukmronligi davrida Afg‘onistonda ko‘rganimiz nima bo‘ldi: diniy cheklovlar, Qur’oni Karim yozuvlaridan keltirilgan noto‘g‘ri iqtiboslar, noto‘g‘ri talqin qilish va siyosiy maqsadlarda ulardan noto‘g‘ri foydalanishdan boshqa narsa emas edi”, deydi general.
Sadat dastlab “Tolibon”ga ular o‘zgarishi mumkinligiga ishonib, 12 oy vaqt berishni rejalagan.
“Afsuski, siz uyg‘ongan har kuni “Tolibon”ning yangi “ishi” bor: odamlarni qiynoqqa solish, ularni o‘ldirish, g‘oyib bo‘lib qolishi, oziq-ovqat taqchilligi, bolalarning to‘yib ovqatlanmasligi”, deydi u
Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni afg‘onlardan bu borada nimadir qilishini so‘ragan yuzlab xabarlar kelgan.
Ammo 40 yildan ortiq davom etayotgan mojarolar tufayli parchalanib ketgan mamlakatda aksariyat afg‘onlar urushdan charchagan, ketishni istaydi yoki tubsiz jarlikka qarab borayotgan iqtisodiy inqiroz sharoitida omon qolish uchun kurashyapti.
So‘nggi haftalarda ommaviy axborot vositalarida generalning Afg‘onistonni “qayta ozod qilish” maqsadida “Tolibon”ga qarshi qurolli kurash haqida so‘zlagan audiomurojaati tarqaldi.
O‘tmishda qurolli guruhlar, jumladan, “Tolibon” ham qo‘shni davlatlar ko‘magi, mamlakatdagi o‘rni va chet el mablag‘lari bilan afg‘on urushlarida g‘alaba qozongan. General-leytenant Sadatning ittifoqchilarini va tuzilayotgan boshqa ko‘plab qurolli guruhlarni iqtisodiy-harbiy jihatdan ta’minlab turilgani hozircha aniqlanmagan. Ayni damda, bir nechta harbiy guruhlar “Tolibon”ni quvib chiqarish maqsadi bilan birlashgan, lekin ular ham etnik jihatdan bo‘lingan va faqat o‘z qo‘mondonlariga sodiq hisoblanadi.
General-leytenant Sadatning aytishicha, u Milliy qarshilik fronti (National Resistanse Front) deb nomlanuvchi eng ko‘zga ko‘ringan guruhlardan biri bilan aloqada bo‘lgan. Tashkilot yetakchisi marhum afsonaviy qo‘mondon Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud hisoblanadi.
“Men birodarim Ahmad Mas’ud bilan aloqadaman va biz uning harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi u o‘zining sizib chiqqan murojaatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, unda xorijlik qo‘llab-quvvatlovchilar yo‘q va ularni izlamayapti ham. O‘zining o‘ttiz yetti bahorini ko‘rgan sobiq afg‘on armiyasining xarizmatik va eng yosh generali – Londonda va ko‘plab G‘arb harbiy akademiyalarida tahsil olgan.
Ammo Sadatning fikricha, ular poraxo‘r afg‘on siyosatchilari va AQSH siyosati tufayli muhim pallada pand yegan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan tartibsiz ravishda olib chiqilishi Amerikaning zaifligini ko‘rsatdi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish qaroriga olib keldi. AQSH boshchiligidagi NATO qo‘shinining tartibsiz ravishda mamlakatdan chiqib ketishi tanqid qilindi va “Tolibon” nega bunchalik tez muddatda butun Afg‘oniston ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi degan savollar paydo bo‘ldi.
General-leytenant Sadat qo‘shinlarning olib chiqilishi Afg‘oniston uchun yomon oqibatlarga olib kelganini aytadi, biroq u G‘arb harbiy qo‘mondonlarini emas, balki NATO mamlakatlaridagi siyosatchilarni, eng avvalo, AQSH Prezidenti Baydenni ayblaydi.
“Bu biz faxrlanadigan yoki xursand bo‘lib qoladigan yakun emas”, deydi u.
O‘z navbatida, Sadat Ukrainaning Rossiyaga qarshilik ko‘rsatayotganligidan hayratda ekanligini bildiradi. Ularga ham kuni kelib NATO pand berishi mumkinligidan ogohlantiradi.
“Menimcha, ular (ukrainlar nazarda tutilmoqda) o‘zlariga tegishli yerni juda yaxshi ushlab turishmoqda. Lekin, men ularga, bilasizmi, o‘zlariga ko‘proq ishonishlarini aytaman, chunki NATO va boshqa mamlakatlarning doimiy yordami to‘xtab qolishi mumkin. Umid qilamanki, ukrainlarga yordam davomiy bo‘ladi”, deydi afg‘on generali.
Sardor Begalov
LiveBarchasi