Ayollarga tadbirkorlik masalasida yordam ko‘rsatuvchi yangi markazlar tuziladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalari ko‘magida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni (keyingi o‘rinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish belgilandi.

Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash taklif etildi:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish;

ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish;

tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;

norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga ro‘yxatdan o‘tish, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing