Adolat talab qilgan odamlarni terrorist deyish, avtoritar rahbarlarni oqlash degani – Bahriyev

Jamiyat

image

Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda odamlarning rad etilgan manfaatlari bor. Odamlar hokimiyatda, sudlarda adolatni ko‘rmadi. Xalq gazning qimmatligi, elektr to‘kining yo‘qligidan ko‘chaga chiqsa, ularni terrorist, deb atash avtoritar rahbarlarni himoya qilib qoladi. Bu haqda jurnalist va siyosiy sharhlovchi Karim Bahriyev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida gapirdi. 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ammo namoyishlar ko‘lami kengayib, mamlakatning eng yirik shaharlari aholisi ham oyoqqa turdi. Eng yuqori tebranish Olma-otada kuzatildi. 

Hukumat namoyishchilarni terrorist deyishni boshladi va qo‘lga olinganlar orasida xalqaro terroristik guruhlarga aloqadorlar borligini ma’lum qildi. Biroq bu taxminlar hozircha isbotini topgani yo‘q. Bu orada Hukumat namoyishlarni terakt deyishdan qochib, “foijali voqea” deyishga o‘tdi. Bu orada Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Masimov va uning o‘rinbosarlari ishdan oldindi. Hozirda ular davlatga qarshi to‘ntarishda ayblanmoqda. 

Karim Bahriyevga ko‘ra, o‘z haqqini talab qilib ko‘chaga chiqqan va adolatsizlikdan toliqqan xalqni terrorchiga chiqarish to‘g‘ri emas. 

“Qozog‘istonda haqiqatan ham xalqaro terroristlar bo‘lsa, shubhasiz ularga qarshi kurashish kerak. Lekin “po‘chog‘ini danagidan ajratish kerak”, degan gap bor. Xalqaro terroristlar bo‘lsa, normal tergov o‘tkazib, aniqlash lozim. Kim bo‘lgan, nimaga kelgan, qayerdan ta’minlangan va bu jarayon shaffof bo‘lishi lozim. G‘arb deb gumon qilinyaptimi, G‘arbning ekspertlarini qo‘yish kerak bu tergovlarga. O‘z ko‘zi bilan ko‘rsin. Terroristiklik, qonxo‘rlik bo‘lsa, ularga chora ko‘rishga hech kim qarshi emas. Lekin shu mamlakatning xalqi juda norozi ekanligini tan olish lozim. Bu muammolarni ham yechish kerak”, deydi jurnalist.

Ma’lumki, namoyishlar qurolli harakatlarga aylanib ketgan bir vaqtda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi boshqaruvini qo‘liga oldi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi. Bahriyevga ko‘ra, To‘qayev mamlakatda ikki boshlilik siyosati, xususan Nazarboyev ta’siridan chiqib, Rossiya ta’siriga tushdi. 

“Yangi Prezident eskisining ta’siridan chiqib, Rossiyaning ta’siriga tushdi. Endi gaz shartnomalarini “Gazprom” bilan tuzsa, ajab emas”, deydi Bahriyev.

Uning qayd etishicha, xalq o‘zining xaqqini talab qilib ko‘chaga chiqsa, undan foydalanib qoladigan terroristlar bor. 

“Millat sifatida o‘sishimiz kerak, ko‘proq o‘qishimiz zarur. Ko‘zimiz ochiq bo‘lishi lozim. Suverenitetimizga xavf paydo bo‘lganida birlashishimiz zarur. Oldimizda “xalq odamday yashashi, davlatimiz dunyo havas qiladigan mamlakat bo‘lsin”, degan maqsad turushi kerak”, deydi Karim Bahriyev. 

Jurnalist Karim Bahriyev bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Karim Bahriev

Baholaganlar

235

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar