Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Osiyo vakiliga berildi
Olam
−
10 Oktabr
73032024 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy koreyalik yozuvchi Xan Ganga berildi. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni Shvetsiya akademiyasi a’zolarining qarori e’lon qilindi.
Xan Gan 1970 yilda Kvanju shahrida tug‘ilgan. Uning go‘sht iste’mol qilishni to‘xtatishga qaror qilgan ayol haqida yozilgan “Vegetarian” romani 2016 yilda “Man Booker” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.
"Vegetarian" romani – bu ruhning og‘riqli metamorfozalari haqida tashvishli kitob. Asar qahramoni Yonxe dahshatli tushlar ko‘radi. Fikrini tozalash uchun u go‘shtdan butunlay voz kechadi. O‘zgarish g‘alati voqealar zanjirini keltirib chiqaradi.
Bu kitob nafaqat vegetarianizm, balki tashqarida ham, ichkarida ham zo‘ravonlikdan xalos bo‘lishni istagan ayolning kurashi haqida.
Xan Ganning yana bir “Inson harakatlari” romani talabalar tartibsizliklari avjida vafot etgan 15 yoshli bolaning hikoyasidir. Uning o‘limi yaqinlari taqdirida o‘chmas iz qoldirdi. Ushbu kitob o‘sha falokatning oqibatlarini hujjatlashtirishning bir usuli: o‘lik jasadni tashish bilan bog‘liq muammolardan tortib, og‘riq va g‘azabni bostirishga urinishlargacha.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti miqdori 11 million shved kronasini (taxminan 970 ming yevroga teng) tashkil etadi.
O‘tgan yillardagi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari
2023 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti norvegiyalik dramaturg Yun Fossega nasib qilgandi. Laureat nomini e’lon qilgan Shvetsiya akademiyasining doimiy kotibi Mats Malmning so‘zlariga ko‘ra, dramaturg mukofotga loyiq ko‘rilgani haqida eshitganida o‘z mashinasida dachasiga ketayotgan bo‘lgan.
2022 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti fransuz ayoli Anni Ernoga berildi. Erno mukofotni begonalashuvning kelib chiqishi va shaxsiy xotiraning jamoaviy cheklovlarini ochib bergan jasorati va klinik aniqligi uchun olgan.
Mukofot 2021 yilda tanzaniyalik nosir Abdulrazzoq Gurnaga, 2020 yilda esa AQSHlik shoir Luiza Glyukga nasib etgan. 1901 yildan 2022 yilgacha jami 119 kishi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan, ulardan 17 nafari ayollardir.
Nobel haftaligi davom etmoqda
Joriy yilning 7 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha sovrindorlar nomi e’lon qilingani bilan Nobel haftaligi ochildi. Mukofot Viktor Ambros va Gari Ravkunga mikro RNKlarni kashf etgani uchun berildi. Kecha, 8 oktyabr kuni amerikalik Jon Xopfild va kanadalik Jefri Xintonga “sun’iy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinani o‘rganish asosidagi fundamental kashfiyotlar va ixtirolari” uchun fizika bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.
9 oktyabr kuni esa amerikalik Devid Beyker va britaniyaliklar Demis Xassabis va Jon Jamper 2024 yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Olimlarga mukofot sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarni yaratishdagi ishlari uchun taqdim qilindi. Jumladan, ikki qismga bo‘lingan mukofot Demis Xassabis va Jon Jamperga sun’iy intellektdan foydalanib, deyarli barcha ma’lum bo‘lgan oqsillarning tuzilishini aniqlay olgani uchun, Devid Beykerga esa butunlay yangi oqsillarni yaratishga imkon beruvchi ishlari uchun taqdim qilingan.
Ertaga, 11 oktyabr kuni Osloda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, 14 oktyabrda esa Shvetsiya banki tomonidan 1968 yilda ta’sis etilgan iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel mukofoti laureati nomi e’lon qilinadi.
Mukofotlar 1901 yildan beri berilib kelinmoqda
Besh xil Nobel mukofoti (fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik mukofoti) dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning irodasi bilan ta’sis etilgan va 1901 yildan beri berilib kelinmoqda. 1969 yildan boshlab, Shvetsiya banki tashabbusi bilan Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ham ataladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti Norvegiya poytaxti Osloda, qolganlari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda topshiriladi.
LiveBarchasi