Abramovich soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda gumon qilinmoqda – OAV
Sport
−
10:22 276 2 daqiqa
Rossiyalik biznesmen va “Chelsi” klubining sobiq egasi Roman Abramovich Deloitte auditorlik kompaniyasi hamda MeritServus korporativ xizmatlar firmasi yordamida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda minglab hujjatlar sizib chiqishi asosida o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvga tayanib, BBC xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2006 yilda Amiscan Investments kompaniyasiga tegishli aktivlar, jumladan, G‘arbiy Sasseksdagi qasr, Londondagi kvartira, Fransiya janubidagi ko‘chmas mulk, xususiy samolyotlar, vertolyotlar va Pelorus yaxtasi Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan bosh kompaniyaga o‘tkazilgan. Mazkur bitimga oid hujjatlar 2003 yil sanasi bilan rasmiylashtirilgani aytilmoqda.
Surishtiruvda Deloitte kompaniyasining Kiprdagi bo‘linmasi ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqqani va 672 million dollarlik aktivlar hisobotlarda aks ettirilmagan moliyaviy hujjatlarni tasdiqlagani haqida ma’lumot berilgan.
Jurnalistlar, shuningdek, Kiprdagi hisoblarida qariyb 2 milliard dollar bo‘lgan Kravin Investments va Abramovichning biznes aktivlarida 10 milliard dollardan ortiq mablag‘ bilan bog‘liq Electus Investments kompaniyalari faoliyatini ham o‘rgangan.
Surishtiruv mualliflarining bildirishicha, ushbu kompaniyalar bo‘yicha foiz daromadlariga solinadigan Kipr solig‘ini to‘lamaslik uchun sanasi o‘zgartirilgan hujjatlar tayyorlangan bo‘lishi mumkin.
Hozirda Turkiyada yashayotgani taxmin qilinayotgan Abramovich Jersi orolida jinoiy tergov doirasida tekshirilmoqda. Uning 5,4 milliard funt sterling, ya’ni taxminan 7,1 milliard dollarga teng aktivlari muzlatilgan.
Biznesmenning yuridik jamoasi esa bildirilgan gumonlarni rad etmoqda. Himoyachilarning ta’kidlashicha, Abramovich kompaniyalarning kundalik boshqaruvida ishtirok etmagan va hujjatlarni qalbakilashtirishga ruxsat bermagan.
Deloitte Cyprus o‘z faoliyatida qonun talablariga amal qilganini ma’lum qilgan. Kompaniya vakillari hujjatlar 20 yildan ortiq vaqt avvalgi davrga tegishli ekani va ulardan foydalanish imkoniyati cheklangani sababli tafsilotlar bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, Roman Abramovich 2003-2022 yillarda “Chelsi” futbol klubiga egalik qilgan. Uning rahbarligi davrida londonliklar besh marta Angliya Premer-ligasida va ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan keyin joriy etilgan sanksiyalar fonida klub sotilgan edi.
Live
Barchasi