Ablyazov mendan Qozog‘istonda inqilob uyushtirish uchun yordam so‘ragan – Japarov
Olam
−
16:35 1585 3 daqiqa
Qozog‘istonlik muxolifatchi Muxtor Ablyazov 2020 yil oktyabr voqealari paytida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov undan pul so‘raganini aytdi. Japarov esa bu da’voni rad etib, aksincha, Ablyazov unga Qozog‘istonda inqilob uyushtirishni taklif qilganini bildirdi. Bu haqda u “Super.kg”ga bergan intervyusida gapirdi.
Qirg‘iziston Prezidenti 2020 yilda Ablyazov bilan telefon orqali suhbatlashganini tasdiqlagan. Biroq uning aytishicha, muloqot muxolifatchi aytganidek 40 daqiqa emas, atigi ikki daqiqa davom etgan. Japarov 2020 yil oktyabriga qadar Ablyazov bilan shaxsan tanish bo‘lmaganini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, telefon orqali muloqot o‘sha paytda yonida bo‘lgan Melis Aspekov tufayli amalga oshgan.
“Bir kuni u oldimga kelib, telefonni uzatdi. Muxtor Ablyazov siz bilan gaplashmoqchi, deb aytdi. Hech narsadan shubhalanmay go‘shakni oldim”, deydi Japarov.
Prezidentning bildirishicha, suhbat davomida Ablyazov dastlab qirg‘izistonliklarni oktyabr voqealari munosabati bilan maqtagan, keyin esa undan Qozog‘istonda inqilob uyushtirishga yordam berishni so‘ragan.
“Siz qirg‘izlar uch marta inqilob qildingiz, biz qozoqlar hech narsa qilolmaymiz. Shuning uchun bizga yordam berishingizni so‘rayman. Agar ruxsat bersangiz, Bishkekka uchib boraman, Qozog‘istondan turib inqilob uyushtiraman”, deya Ablyazovning gaplarini eslagan Sadir Japarov.
Qirg‘iziston Prezidentining aytishicha, u bu taklifni qat’iyan rad etgan.
“Birinchidan, men qo‘shni davlatlar siyosatiga aralashmayman. Ikkinchidan, siz tufayli Qozog‘iston bilan munosabatlarni buzmoqchi emasman. Yaxshisi, kelmang, o‘z ishlaringiz bilan shug‘ullaning”, deydi Japarov Ablyazovga bergan javobini eslab.
Prezident telefon suhbati taxminan ikki daqiqa davom etganini yana bir bor ta’kidlagan. Shuningdek, u Ablyazovdan pul so‘ragani haqidagi da’voni yolg‘on deb atagan.
“Agar u shunday deyayotgan bo‘lsa, demak, u haqiqiy firibgar. Men undan hech qanday pul so‘raganim yo‘q”, deydi Sadir Japarov.
U 2020 yil oktyabr oyida Ablyazovdan moliyaviy yordam so‘rashga ehtiyoji bo‘lmaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Muxtor Ablyazov — qozog‘istonlik tadbirkor va muxolifatchi siyosatchi, Qozog‘istonning sobiq energetika, sanoat va savdo vaziri. U, shuningdek, “BTA Bank” direktorlar kengashining sobiq raisi hisoblanadi. Ablyazov bankdan qariyb 6 milliard dollar mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblangan.
2012 yilda Britaniya sudi Ablyazovni sudga hurmatsizlik qilgani uchun 22 oylik qamoq jazosiga hukm qilgan. Uning aktivlarini yashirgani, sud taqiqlarini buzgani va yolg‘on ko‘rsatmalar bergani aniqlangan. Biroq Ablyazov Buyuk Britaniyani tark etgan va jazoni o‘tamagan.
2017 yil iyun oyida Olmaota sudi uni “BTA Bank” mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha sirtdan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. 2018 yil noyabr oyida esa Jambil viloyati sudi Ablyazovni 2004 yilda vafot etgan bankir Yerjan Tatishevning o‘ldirilishini tashkil etganlikda ayblab, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.
Ablyazov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, ta’qib siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilayotganini bildirgan. Hozirda u Fransiyada yashab kelmoqda. Biroq Fransiya hukumati va sudlari Ablyazovning siyosiy boshpana maqomini bekor qilgan va unga mamlakatni tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shunga qaramay, u apellyatsiya va sud jarayonlari davom etayotgani sababli Fransiya hududida qolishda va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z faoliyatini olib borishda davom etmoqda.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi