Abdumalik Halokov – yig‘loqi chempion
Sport
−
01 iyun 2023
6969Shu yilning 1-14 may kunlari Toshkent shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bokschilari turnirda umumiy hisobda 5 ta oltin, 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medaliga ega chiqib, Jahon chempionatida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Mezbonlarning hisobiga oltin medallardan birini -57 kg vaznda Abdumalik Halokov qo‘shib qo‘ydi. Musobaqa davomida Abdumalik ko‘rsatgan yorqin janglar muxlis va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Finalda u kubalik Saidel Xortani mag‘lub etdi.
Bokschining QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, u ancha vaqt psixologik bosim ta’sirida yurgan. 2021 yil Serbiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritishi, fevral oyida “Stranja” xalqaro turniridagi kutilmagan mag‘lubiyat Halokovga bo‘lgan bosimni bir necha barobarga oshirib yuborgan.
“Bu chempionlikni juda uzoq kutdim. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat aytaman. Murabbiylarim men bilan qattiq ish olib bordi, chunki so‘nggi paytlarda ruhan sinib qolayotgandim. O‘sha vaqtlarda murabbiyim Davron aka men bilan psixologik tomondan ishlay boshladi. Janglarim oson o‘tdi. Men uchun pul muhim emas, bu yerda O‘zbekiston sha’ni turibdi. Hammani oldida yuzim yorug‘ bo‘lganiga shukr qilaman”, deydi Halokov.
Shuningdek, Halokov QALAMPIR.UZ'ga yulduzlik kasalini qanday chetlab o‘tayotganini, jahon chempioni bo‘lgach, hayotida nimalar o‘zgarganini aytib o‘tdi.
“Oldindan qanday bo‘lsam, xuddi shunday bo‘lib qolaman. Avvalo hammamiz inson bo‘lishimiz kerak. Jahon chempioni bo‘lsam ham, hamma qatori oddiy insonman”, deydi Abdumalik.
Ma’lumot uchun, Abdumalik Halokov 2000 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Shu vaqtga qadar u yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon va Olimpiada musobaqalarida g‘olib bo‘lgan. 2022 yilda Ammanda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ham Abdumalik oltin medalga sazovor bo‘lgan.
LiveBarchasi