Abdullohiyon Pokistonga “yarash oshi”ga bordi
Olam
−
29 yanvar 2024 7674 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Eron qurolli kuchlari Pokiston hududida joylashgan “Jaysh al-Zolm” terrorchilik guruhining ikki shtab-kvartirasiga zarba berganidan so‘ng yuzaga kelgan keskinlikni bartaraf etish doirasida Pokistonga bordi. Bu haqda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Eron Tashqi ishlar vaziri Islomobodga Pokiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Jalil Abbos Jiloniy taklifiga binoan keldi”, deyiladi xabarda.
Abdullohiyonni “Nur Xon” aeroportida Pokiston Tashqi ishlar vazirining Afg‘oniston va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Rahim Hayat Qureyshi kutib oldi.
Tashrif doirasida Eron TIV rahbari pokistonlik mavqedoshi Jalil Abbos Jiloniy, shuningdek, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Bo‘lajak muzokaralarning asosiy mavzusi 16 yanvar kuni Eron qurolli kuchlarining Pokiston hududidagi “Jaysh al-Zolm” terrorchilik guruhining ikki qarorgohiga uyushtirgan hujumi oqibatida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlikni kamaytirishdan iborat. Eron harbiylarining muvofiqlashtirilmagan harakatlari Islomobodning reaksiyasiga sabab bo‘ldi.
17 yanvar kuni Pokiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z elchisi Muhammad Mudassir Tipuni Tehrondan chaqirib olingani haqida ma’lum qildi va o‘sha paytda vatanida bo‘lgan Eron diplomatik missiyasi rahbari Rizo Amiri Mog‘addamga ham Islomobodga qaytmaslikni tavsiya qildi. 18 yanvar kuni Pokiston Qurolli kuchlari aksilterror operatsiyasini o‘tkazdi va uning davomida Eronning Siston va Balujiston viloyatidagi “Balujiston ozodlik fronti” va “Balujiston ozodlik armiyasi” ekstremistlarining boshpanalariga zarbalar berildi.
22 yanvar kuni vazirliklar darajasidagi maslahatlashuvlardan so‘ng Islomobod va Tehron bu borada yuzaga kelgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlar sifatida 26 yanvarga qadar elchilarni o‘zaro qaytarish va 29 yanvar kuni Eron Tashqi ishlar vazirining Pokistonga rasmiy tashrifini tashkil etishga qaror qilindi.
Live
Barchasi