Abdullohiyon Isroil dronlarini o‘yinchoqlarga qiyosladi
Olam
−
20 aprel
9567Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Isfahon osmonida urib tushirilgan Isroil uchuvchisiz samolyotlarini bolalar o‘yinchoqlariga qiyosladi. Bu haqda u Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
"Kecha sodir bo‘lgan voqea zarba emas edi. Ular [dronlar] bizning bolalarimiz o‘ynaydigan o‘yinchoqlarga o‘xshardi, ular dronlar emas", deydi u.
Eron vaziri bilan suhbat Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tdi, Abdullohiyon u yerda Falastinning tashkilotga kirishi masalasi bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Abdullohiyon Eron "o‘yinchoq" hujumiga javob bermoqchi emasligini aniq aytdi.
"Bizning manfaatlarimizga qarshi yangi Isroil sarguzashtlari bo‘lmaguncha, bizda yangi reaksiya bo‘lmaydi", dedi u.
Shu bilan birga, Abdullohiyon Isroilni Eronga hujum uyushtirishdan ogohlantirdi hamda javob yashin tezligida va shiddatli bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
"Agar Isroil mening mamlakatimga qarshi qat’iy choralar ko‘rsa va bu bizga isbotlansa, bizning javobimiz darhol va maksimal darajada bo‘ladi va ularni pushaymon qiladi", deydi u.
Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi
1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.
Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.
Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.
Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.
Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi. “Reuters” agentligi Eronning yuqori martabali mulozimiga tayanib, Eron o‘z hududiga qilingan hujumga hozircha javob qaytarmoqchi emasligini yozgan bo‘lsa, CNN Isroil va Eron bir-biriga qarshi yangi o‘zaro zarbalar berish niyatida emasligini xabar qildi.
LiveBarchasi