Prezident qarori: Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyati takomillashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 may kuni “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek, jismonan va ruhan sog‘lom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishdagi faoliyatini yanada takomillashtirishni talab etadi.

Voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda ularning ijtimoiy holati, shaxsiy xislatlari, sodir etgan qilmishining xavflilik darajasini to‘liq va to‘g‘ri baholash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bugungi holat o‘quv jarayonini davlat ta’lim standartlari asosida sifatli tashkil etish, o‘qituvchi, tarbiyachi, psixolog va boshqa xodimlarning tarbiyalanuvchilarga ta’lim berish, ularga kasb-hunar o‘rgatish borasidagi ko‘nikma va malakalarini oshirishni taqozo etadi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini (keyingi o‘rinlarda – Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari) tashkil etishto‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasi manzilida;

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasi manzilida joylashtirilsin.

3. Quyidagilar:

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga;

Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktirilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi tegishincha Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining o‘z vaqtida to‘liq ta’minoti va maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashish, ushbu muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sog‘lom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi.

4. Belgilansinki:

a) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi;

b) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;

aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;

yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi;

v) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

mazkur bandning "b" kichik bandida ko‘rsatilgan voyaga yetmaganlar faqat Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi;

Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatiga voyaga yetmaganlarni qabul qilish to‘xtatiladi;

Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatida tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘qishni ushbu muassasalarda belgilangan tartibda tugatadilar;

g) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi guruhlar va sinflarda o‘quvchilar bilan to‘ldirilish 15-20 nafar etib belgilanadi, istisno tariqasida tegishli moliya organlari bilan kelishilgan holda ushbu muassasalarda o‘quvchilar sonidan qat’iy nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi;

d) ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovsiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan, shuningdek, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan boshqa voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasiga asosan tegishli vazirlik va idoralar qarorlari (yo‘llanmalari) asosida o‘quv yili davomida ilovadagi vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga (keyingi o‘rinlarda – Muassasalar) joylashtiriladi;

tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan Muassasalarga yuborilayotgan voyaga yetmaganlar uchun Muassasalarning qabul kvotasidan tashqari 5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratadi;

Muassasalarga yuborilayotgan voyaga yetmaganlar ta’til vaqtida agar ularning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish imkoni bo‘lmasa Muassasalarda o‘quv jarayoni boshlangunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori asosida tegishli xalq ta’limi organining yo‘llanmasi bo‘yicha vaqtincha “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanadilar;

ye) tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni Muassasalarga istisno tariqasida bepul asosda, sinovlarsiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi;

voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan qabul qilingan har bir voyaga yetmagan uchun alohida murabbiy biriktiradi va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qiladi, ularni Muassasalarni bitirgandan keyin ish bilan ta’minlashda ko‘maklashadi;

j) ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ko‘pi bilan qirq besh kun muddatdavoyaga yetmaganni Muassasaga yoki Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishning maqsadga muvofiqligi haqida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyaga xulosa taqdim etadi;

z) 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi to‘lanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

a) 2019 yilning 1 avgustiga qadar:

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqsin, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda yakka tartibdagireabilitatsiya dasturlarini (hayotiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, giyohvandlik va alkogol vositalarga qaramlikdan davolash, ruhiy jarohat asoratlari bilan ishlash va boshqa dasturlar) ishlab chiqsin hamda to‘garaklar faoliyatini kengaytirish choralarini ko‘rsin;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlar jadvallarini tasdiqlasin, bunda tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlari hisobiga yangi tashkil etilayotgan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog, shuningdek, Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasiga bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklarini ajratsin;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini keng dunyoqarash va yuqori malakaga ega o‘qituvchilar, tarbiyachilar va psixologlardan iborat tarkibda shakllantirsin hamda zaruratga qarab yangi shtatlar joriy etsin;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va badiiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan ta’minlasin hamda axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam ravishda yangilab borsin;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari oilasi bilan aloqada bo‘lishi hamda ular bilan uchrashishi uchun zarur aloqa vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan alohida xonalarni ajratsin, shuningdek, Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining “ZiyoNET” ta’lim tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining hududlari va xonalari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini, ularning texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, shuningdek, videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir yil davomida saqlanishini ta’minlasin;

b) tarbiyalanuvchilar duch keladigan muammolarni muhokama qilish, ularning yechimini topish va tarbiyalanuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “case-study”, guruhlarda ishlash, bahs-munozaralar, situatsion o‘yinlar, aqliy hujum kabi ilg‘or interaktiv o‘qitish usullari o‘quv-tarbiya jarayoniga keng joriy etilishini ta’minlasin;

tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida tarbiyalanuvchilar Respublika o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lgan davr mobaynida kasbga o‘rgatish bo‘yicha amaliy mehnat mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ta’minlasin;

taniqli fan, madaniyat, san’at va adabiyot, din arboblari, turli sohalarning ilg‘or mutaxassislari ishtirokida har uch oyda kamida bir marta tarbiyalanuvchilarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va mustahkamlash, ularni halollik va odob-axloq ruhida tarbiyalashga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etsin;

v) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari rahbar va mutaxassislarining malakasini oshirish o‘quv dasturlariga alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj voyaga yetmaganlar bilan ishlash metodikasiga oid modullarni kiritsin, shuningdek, ushbu muassasalarning faoliyatini metodik ta’minlash choralarini ko‘rsin.

6. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) 2019 yil davomida:

ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar bilan individual ravishda suhbatlar o‘tkazish asosida ularni toifalarga ajratgan holda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash, shuningdek, Muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘rsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari va ularning oilasidagi ahvolni har tomonlama o‘rganish va baholash, tarbiyalanuvchilar ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgandan so‘ng ularni o‘qishga joylashtirish, ijtimoiy moslashuvi hamda oilasidagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish, ota-onalari va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning salohiyatini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, moddiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish choralarini ko‘rsin;

b) voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan voyaga yetmaganni Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilganda ta’lim muassasasi, mahalla, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, profilaktika inspektori, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalarining mas’ul xodimlari ishtirokida voyaga yetmagan, uning ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan olib borilgan profilaktika ishlari chuqur o‘rganilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qo‘mitasi va xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining qo‘shma majlislarida har yili bir marotaba tegishli Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlarini muhokama qilish, ushbu muassasa rahbarlarining hisobotlarini eshitish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, hisobotlar eshitilayotganda tarbiyalanuvchilar bilan olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonlari, ularning xulq-atvorini o‘zgartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, ushbu muassasalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit tanqidiy muhokama qilinadi.

8. Quyidagilarga:

a) O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bolalar uchun har oyda bir martamadaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib, tarbiyalanuvchilarning tarixiy-me’moriy majmualar, hayvonot bog‘lari, teatrlar, muzeylar va boshqa madaniy-ko‘ngilochar joylarga tashriflarini uyushtirib borish;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan voyaga yetmaganlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillarini biriktirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

b) O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga doimiy ravishda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini bitirayotgan qizlar ro‘yxatini yuritib borish, ular bilan yakka tartibda va aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni tashkil etish hamda ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari bitiruvchilarini iqtisodiyot tarmoqlari va mehnat bozorining real ehtiyojlaridan kelib chiqib, kasbga yo‘llash, o‘qitish, qayta o‘qitish, ularning malakasini oshirish hamda bandligini ta’minlash ishlarini olib borsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiMarkazga muntazam ravishda hamda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga keltirilgan voyaga yetmaganlarni qat’iy tarzda har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib borish hamda bemor tarbiyalanuvchilarni o‘z tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida bepul davolash choralarini ko‘rsin.

9. Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha beshta tashabbusni keng joriy etish maqsadidaikki oy muddatda:

a) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida musiqa, rassomchilik, tasviriy san’at, kulolchilik va boshqa to‘garaklarni tashkil etish, shuningdek, amaldagi me’yorga muvofiq musiqa asboblari bilan ta’minlash;

b) Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining sport zallarini 34 nomdagi sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlash;

v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida 1 tadan kompyuter sinf xonalarini zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlash, ularda o‘quvchilarni fikrlashga yo‘naltiradigan kompyuter o‘yinlari bazasini yaratish;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 136 nomdagi o‘qishga tavsiya etilgan badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash;

ye) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda tarbiyalanuvchi qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida zarur miqdorda tikuv mashinasi va boshqa anjomlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

10. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlar huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishi, nazoratsiz yohud qarovsiz qolishiga sabab bo‘lgan omillarni chuqur tahlil etib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga voyaga yetmaganni Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish masalasi sudlar tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilishi, bunda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlar yetarli asoslantirilganligi, voyaga yetmaganning ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, mahalla, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash organlari va Markazning fikr-mulohazalari eshitilishi, shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalarning amalga oshirgan profilaktika ishlari samaradorligiga baho berilishiga e’tibor qaratish tavsiya etilsin.

12. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar voyaga yetmaganlarni Respublika o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish to‘g‘risida sudga yuborilgan iltimosnomalarning asosliligiga javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi 2020 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, zarur uskunalar, kompyuter, o‘qitishning texnik vositalari, inventar bilan ta’minlash va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashni nazarda tutsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oy muddatdaMarkazlar faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish asosida ularning mavjud tashkiliy tuzilmasi hamda ish jarayonini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ichki ishlar organlarining mavjud shtatlari doirasida xizmatchi va ishchilar hisobidan har bir Markazga bir nafardan ofitserlar tarkibidagi psixolog va ijtimoiy xodim lavozimlarini kiritish choralarini ko‘rsin;

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan birgalikda ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarini kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish dasturini ishlab chiqsin va dasturga ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlar va oilalar bilan profilaktik tadbirlarni tashkil etishga oid modullar kiritsin.

15. Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasi manzilida joylashgan o‘g‘il bolalar maxsus kollejining bino va inshootlari mulki hamda unga tutash hudud bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorning amalga oshirilishi uchun zarur mablag‘larni 2019 yilda “Ta’lim” sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida ajratsin, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida har yili nazarda tutsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

18. Tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar ikki oy muddatda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasiga asosan ushbu muassasalarga voyaga yetmaganlarni qabul qilish tartibini belgilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilsin.

20. Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 29 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

6

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing