Abdulla II Mirziyoyev bilan daraxt ekdi
Jamiyat
−
26 avgust 5017 2 daqiqa
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston-Iordaniya sammiti yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida eman ekdi.
“Marosim O‘zbekiston-Iordaniya munosabatlarida yangi davr boshlanayotgani hamda yetakchilarning xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga intilishi ramzi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Abdulla II ibn al-Husayn kecha, 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Keyin Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi. Yetakchilar kechqurun Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini ham borib ko‘rdi. 26 avgust kuni Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Iordaniya rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi.
Keyin muzokaralar bo‘lib o‘tdi va uning yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Shuningdek, Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirladi.