Abdulla II Qozog‘istonga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
26 avgust 3808 1 daqiqa
Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga davlat tashrifi bugun, 26 avgust kuni nihoyasiga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Kuni kecha davlat rahbarlari Samarqandning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi. Bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.
Tadbirlar yakunlangach, Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. Shu bilan O‘zbekiston rahbari Samarqandga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Abdulla II esa Qozog‘istonga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Shuningdek, Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirladi. O‘zbekiston-Iordaniya sammiti yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.