Abdulla Aripov Moskvada YeOII yig‘ilishida qatnashdi
Olam
−
13 dekabr 2024 3432 2 daqiqa
Bugun, 13 dekabr kuni Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov mazkur yig‘ilishda kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portalida xabar berildi.
Majlisda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin, Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, video murojaat orqali Kuba Bosh vaziri Manuel Kruz qatnashdi.
"O‘zbekiston kuzatuvchi maqomida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi bildirildi. Joriy yilning o‘n oyi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 12 foizga o‘sdi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida investitsiya, transport-logistika, turizm sohalarida o‘sish kuzatilgan. Bunda ayniqsa, “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” xalqaro transport yo‘lagi yaratilgani muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Joriy yil oktyabr oyida Yerevanda bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolangan uch yillik Qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirish boshlangani, shuningdek, kelgusi bahorda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va YeOII Ishbilarmonlar kengashining qo‘shma majlisi, shuningdek, O‘zbekiston hukumati va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishini tashkil etish bo‘yicha faol tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Majlisda O‘zbekiston tomoni ishtirokchilarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining so‘nggi yig‘ilishida ilgari surgan tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi joriy yil 8 may kuni Moskvada bo‘lgan va unda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgandi.
Live
Barchasi