Abdulla Aripov Qirg‘izistonning yangi Bosh vazirini tabrikladi
Jamiyat
−
20:39
720Bugun, 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi Rahbari Odilbek Qosimaliyev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston Bosh vaziri Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston Bosh vaziri etib tasdiqlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilish hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil ro‘yobga chiqarishga ishonch bildirildi.
Bildirilishicha, avvalroq O‘zbekiston Bosh vaziri qirg‘izistonlik mavqedoshiga ushbu lavozimga tasdiqlangani munosabati bilan tabrik maktubi ham yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Oqilbek Japarov 16 dekabr kuni lavozimini tark etgan edi. U bu lavozimda uch yilu ikki oy ishladi. Uning o‘rniga Odilbek Qosimaliyevni mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tayinlandi. Bugun, 18 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi yig‘ilishida Prezident Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasining sobiq rahbari Oqilbek Japarovni nima uchun ishdan bo‘shatganini tushuntirdi.
LiveBarchasi