Abdulla Aripov Chexiya Prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
12 Oktabr 2023
4273O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hukumat delegatsiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Prezidenti Petr Pavel bilan ham uchrashdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Chexiya Prezidenti Petr Pavel o‘zbekistonlik mavqedoshi Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.
O‘z navbatida, Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Prezidentiga Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
Bildirilishicha, bugun O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Pirovardida, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.
“Jumladan, O‘zbekiston-Chexiya o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar ham faollashib borayotgani bunga misol”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
“Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning “Shkoda”, “Omnipol”, “Kristal Bogemiya”, “Primako” va boshqa yetakchi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralari o‘tkazildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir qator korxonalarga tashrif buyurildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Chexiyaga tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 million yevrodan ziyod investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolangan.
LiveBarchasi