Abdulaziz Mansur Yangi yilni kutish va nishonlash haqidagi gaplarni rad etdi

Jamiyat

AQSH O‘zbekistonni diniy erkinlik buziluvchi davlatlar ro‘yxatida qoldirdi north_east

AQSH O‘zbekistonni diniy erkinlik buziluvchi davlatlar ro‘yxatida qoldirdi

Avvalroq, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur musulmonlarning Yangi yil bayramini nishonlashi bo‘yicha murojaat yo‘llagani haqida xabar bergan edik.

Unda musulmonlar tomonidan 1 yanvar kunini milodiy sananing yangilanishi sifatida Iso alayhissalomning tavallud kuni yoki boshqa etiqodlarga bog‘lamagan holda nishonlanishining shar’an zarari yo‘qligi aytilgandi.

Shayx Abdulaziz Mansurning murojaati jamoatchilik orasida muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng u o‘zining aytganlariga izoh sifatida navbatdagi murojaatni e’lon qildi. Uning qayd etishicha, ilk intervyuda u bir soat davomida gapirib, faktlar asosida tushuntirishlar bergan. Biroq, intervyu qisqartirilib, tarqatilgan. Jumladan Abdulaziz Mansur shunday deydi:

“Hurmatli aziz tinglovchilar! Assalomu alaykum va Rohmatullohi va barakotuh.

Kuni kecha milodiy yangi sana mavzusida efir orqali bir chiqish qilgan edim. Uni “Ziyo” studiyasi bir soat yozib olgan edi. Eshituvchilarga tushunarli bo‘lsin, deb men dalillar bilan manbalarini ko‘rsatib, Islom dinimizni nuqtai nazaridan bu mavzuga qanday qaralganligi to‘g‘risida bir soat izoh bergan edim. Lekin, afsuski, ertasi kuni mana shu bir soatlik suhbat besh daqiqaga qisqartirilib tarqatilibdi, shu sabab gaplar tushunarli bo‘lmay qolgan. Shuning uchun xalqimiz orasida, aholimiz o‘rtasida turli tushunmovchilik va e’tirozlar paydo bo‘ldi. Go‘yoki “Shayx Abdulaziz Mansur yangi yilni kutishga ruxsat beribdi, bir-birlarini tabriklashga ruxsat beribdi, yangi yilni oqlab fatvo beribdi”, degan har xil shov-shuv gaplar tarqaldi. Bu gaplar menga yetib keldi. E’tirozlarni xammasidan xabarim bor.

Shuning uchun, hozirgi chiqishimda mana shu e’tirozlarga o‘z munosabatimni bildirib, izoh bermoqchi edim. 

Yangi yil, yangi yilni kutish yoki tabriklash yoxud bayram qilish kabi amallar bizning muqaddas Islom dinimiz manbalarida hech qayerda ko‘rsatilmagan. U yo‘q narsa. Manbada yangi yilni, u qaysi yangi yil bo‘lishidan qat’i nazar, hattoki hijriy yilni ham kutib olinsin, degan gap yo‘q. 

Shunday bo‘lgandan keyin men qanaqasiga dini Islom manbalarida ahkomlarida, shariatimizda yo‘q narsani xalqqa targ‘ib qilaman?!

Men buyuk ustozlarni ko‘rgan, ularning tarbiyasini olgan bir ahli ilm odamiman. Men ko‘rmagan narsam bo‘lsa, aniqlamagan narsam bo‘lsa, manbalarini aniq bilmasam, ko‘nglim dilim taskin topmasa, u gaplarni gapirmayman. 

Tushunmovchilikni isloh qilib, tuzatib qo‘ymoqchimanki, yangi yilni kutib olish yoki tabriklash – bu narsalar bizning Islom dinimizda yo‘q. Bu odat dunyoviy odat bo‘lib kelayotgan narsa. Buni dinga hech qanday aloqasi yo‘q. Shu narsalarni eshitib xalqimizga javob qilyapman, lekin bu narsalar kifoya qilmayapti. 

Shu sababli men xalqimizdan, eshituvchilardan iltimos qilamanki, bizlarni to‘g‘ri tushuninglar. Islom dinimizni qo‘ldan kelgancha o‘rganib xalqimizga yetkazishni niyat qilganmiz. Mana shu olgan ilmlarimizni, yiqqan kitoblarimizni faqat Islom dini yo‘lida, xalqimizni e’tiqodi yo‘lida sarflashni niyat qilganmiz. Shuning uchun Alloh bunday tushunmovchiliklardan, zalolatdan o‘z panohida asrasin. Hidoyat uzra barchalarimizni sobit qadam qilsin”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Mansur

Baholaganlar

581

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing