Shu ishlarning ichida edim – Abdulaziz Mansur “saroy ulamolari” haqida gapirdi

Intervyu

image
Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti north_east

Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur “Hurriyat” gazetasiga bergan intervyusiga sobiq ittifoq, jumladan urush yillarida O‘zbekistonda hukm surgan vaziyat, diniy taqiqlar, namoz o‘qishga bo‘lgan cheklovlarni esladi. U xalq orasidagi “saroy ulamolari” haqidagi gaplarga ham to‘xtalib, o‘sha “saroy ulamolari”ning sa’y-harakati bilan diniy sohada o‘zgarishlar qilinganini aytadi. 

Abdulaziz Mansur 1943 yilgacha O‘zbekistonda ochiq holda na masjid va na madrasa faoliyat yuritmaganini quyidagicha eslaydi. 

“Xabaringiz bor, o‘sha yili Germaniya fashizmiga qarshi urushayotgan davlatlarning Tehron konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Natijada “Tehron bayonnomasi” e’lon qilinib, unda fashizmni uzil-kesil yo‘qotish, urushdan keyingi Ovruponing taqdiri, Sovet ittifoqining Yaponiyaga urush e’lon qilishi kabi masalalarda o‘zaro kelishuv bo‘lgani tarixiy hujjatlarda aytiladi. Shuningdek, mana shu konferensiyada Sovet ittifoqi vijdon erkinligini taqiqlagan dahriy davlat sifatida tanqid qilinadi. Albatta, Stalinning dinlarga yo‘l berishi bitta tanqid tufayli yuz bermagan bo‘lishi mumkin. Bunga boshqa sabablar, masalan, Amir Temurning qabrini ochish mumkin bo‘lmagan bir paytda 1941 yil 22 iyunda ochilgani va shu kuni urush boshlangani kabi voqealar haqida mustabidga yetkazilgani ham turtki bo‘lsa, ehtimol. Stalin Tehron konferensiyasidan so‘ng hamma dinlarga, jumladan, Islom diniga ham katta emas, kichkina darcha ochishga majbur bo‘ladi. Butun Sovet ittifoqi bo‘yicha to‘rtta – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari uchun Toshkentda, tatar musulmonlari uchun Ufa shahrida, shia va sunniy musulmonlar uchun Bokuda, shuningdek, kavkazlik musulmonlarga Mahachqal’ada musulmonlar diniy idorasi tashkil etildi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasiga Eshon Boboxon hazratlari muftiy etib tayinlanganlar. O‘sha yili butun respublikada hammasi bo‘lib 84 ta masjid ochishga ruxsat bo‘ldi. Elimiz to 1991 yilda yurtimiz mustaqillikka erishgunicha o‘sha qirq uchinchi yilda tashkil bo‘lgan bor-yo‘g‘i sakson to‘rtta masjidda namoz o‘qib keldi. Men 1975 yildan shu idora qoshidagi madrasada o‘qib, shu yerda ishlaganman. Qayerda masjid ochilgan, hammasining ro‘yxatini bilaman. Bu ro‘yxatga bitta masjid qo‘shib ham bo‘lmasdi, olib ham. Moskvadan beruxsat, hatto, bitta masjidni ham ta’mirlay olmasdik. Barcha yumushlar SSSR Ministrlar Soveti qoshidagi diniy ishlar bo‘yicha Kengash nazoratida turardi. Bugungidek esimda, Jizzaxdagi masjidni ta’mirlash paytida devorini bir metrga o‘stirishgandi. Bundan xabar topgan o‘sha Kengash mazkur masjidni yoptirib tashlab, tabiat muzeyiga aylantirib yubordi. Borib ko‘rib, ichkaridan yig‘lab chiqdim. Xudoning uyida yovvoyi hayvonlarning terisini shilib, ichiga somon tiqib, qotirib qo‘yishibdi. Ana shunday qotirilgan bir cho‘chqani mehrobga tikka qilib o‘rnatishibdi, tirjayib turibdi. Bularni ko‘rgan qaysi musulmon yig‘lamaydi... Qani endi o‘sha paytda Moskvaning bu siyosatiga qarshi chiqib ko‘rsin-chi, birov! Atrof jim-jit. O‘lik sukunat... Hamma narsa: to‘fon ham, hayqiriq ham ichingizda. Ichingizga yutasiz. Bir og‘iz bo‘lsin e’tiroz bildirolmaysiz... Ana shunday davrlarni boshdan o‘tkazdik.

1943 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan musulmonlarning birinchi qurultoyida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining Diniy idorasi boshqarmasi tashkil etilib, Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon mazkur tashkilotning mas’ul kotibi va ayni paytda O‘zbekiston qozisi lavozimiga bir ovozdan saylanadi. Respublika qoziyati Diniy idoraning anchayin faol tizimi hisoblangan. U olib borgan ishlar O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning boshqa respublikalarida diniy uyushmalarning oyoqqa turishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston qoziyati Sovet sharqi musulmonlarining diniy tarqoqligiga barham berishda juda katta shijoat ko‘rsatdi. Sovet hukumati dinlarga, xususan, Islom dinining rivojlanishi, musulmonlarning o‘z diniy arkonlarini bajarish ishlariga qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin, diniy idora rahbariyati berilgan ozgina imkoniyatdan juda unumli foydalandi. Hatto, ma’ruzalarda qaysi oyatlardan foydalanish kerakligi ham belgilab qo‘yilar edi.

Ziyovuddinxon qori hazratning tashabbuslari bilan bir jurnal tashkil etildi. O‘sha jurnal nomiga ham “sovet” so‘zini qo‘shishga majburlandik. Men bu jurnalda mas’ul muharrir sifatida sakkiz yil ishladim. Shunday ediki, maqolalar dastlab rus tilida tayyorlanib, Moskvaga, hukumatning yuqorida aytganim Kengashiga yuborilar, u yerda tahrir qilinib qaytgach, o‘zbek va boshqa tillarga, arab, fors, ingliz va fransuz tillariga tarjima etilar edi. O‘zbek tilidagisi eski o‘zbek imlosida bosilardi. Kirilda yozilsa go‘yo xalq butunlay imonga kirib ketadigandek... Mana shunday bir sharoitda Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari goh rasmiy, goh norasmiy yo‘l bilan bo‘lsa-da, Moskva bilan muzokaralar, bahslar olib borishi natijasida Islom dinini rivojlantirishga baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shdi. O‘zining beqiyos darajadagi ilmiy salohiyati bilan kishilarning imonini mustahkamladigina emas, balki baland ko‘tardi”.

Xalq orasida “saroy qo‘shiqchilari”, “saroy ulamolari” degan gaplar bor. Bunda Hukumatga, yuqori lavozimlarda faoliyat yuritayotgan amaldorlarga yaqin bo‘lgan soha vakillari nazarda tutiladi. Abdulaziz Mansur so‘zida davom etar ekan, odamlar bilib-bilmay aybdor qilgan va “saroy ulamolari” tamg‘asini qo‘ygan olimlar aslida din yo‘lida ko‘p xizmatlarni qilgan. 

“Shunday qilib 1971 yilgacha butun SSSR musulmonlari uchun bitta – Buxorodagi Mir arab madrasasi faoliyat yuritgan, xolos. Unda bor-yo‘g‘i 60 nafar talaba o‘qigan. O‘sha yili Ziyovuddinxon qori hazratning yelib-yugurishlari natijasida Toshkentda oliy madrasa (MA’HAD) ish boshladi. Men ana shu madrasaning ikkinchi qabulida, ya’ni 1975 yilda o‘qishga kirganman. Bu yerga har yili qabul bo‘lmasdi. Har to‘rt yilda bir marta qabul o‘tkazilar edi. Mana shunday qiyin sharoitlarda ishlab o‘tgan odamlar haqida gapirganda to‘g‘ri fikrda bo‘lishimiz kerak. Ba’zilar bo‘ldiki, diniy idoraga doim tosh otib o‘tishdi. Bu yerda ishlayotganlarni “saroy ulamolari” deydiganlar topilar edi. Ana o‘sha “saroy ulamolari” bo‘lmasa, sovet ateistlari dinimizni yana ne ko‘ylarga solib yuborishlari mumkinligidan ular bexabardirlar. Bu odamlar qo‘llaridan kelgancha dunyoviy davlat bilan musulmonlarni kelishtirib, ularning huquqlarini himoya qilish, haj-umralarni tashkil etish, masjid-madrasalarning holidan xabar olish, diniy mavzudagi adabiyotlarni nashr etish kabi xizmatlar borki, bu ishlarning barchasi o‘sha “saroy ulamolari”ning chekiga tushgan edi. Bularning hammasiga nafaqat guvohman, balki shu ishlarning ichida edim”, deydi Abdulaziz Mansur. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Mansur

Baholaganlar

468

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing