Abdulaziz Komilov: “Afg‘oniston masalasida “nolga teng o‘yinlarda” ishtirok etishga intilmaymiz”
Jamiyat
−
29 fevral 2020
4914O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘onistonda tomonlarning murosaga kelishi afg‘onlarga bog‘liqligini ma’lum qildi. Vazir “Xalq so‘zi” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston Afg‘onistonda “nolga teng o‘yinlar” ortidan quvmasligini aytib o‘tdi.
“Afg‘oniston masalasida biz “defensive approach” deb ataluvchi himoya yondashuviga asoslanmaymiz. Biz mintaqamizda vaziyat qanaqa ekanligini yaxshi idrok etishimizga ishonchimiz komil, shuning uchun “o‘yinchi”larning biri g‘alaba qozonsa, ikkinchisi mag‘lub bo‘ladigan biron-bir “nolga teng o‘yinlarda” ishtirok etishga intilmaymiz. Biz pragmatikmiz va yaxshi qo‘shni bo‘lishni xohlaymiz.
Amudaryo bo‘ylab o‘rnatilgan chegaralar hech qachon odamlarning bordi-keldisi, savdo-sotiq qilishi hamda madaniyatlar va dinimizning o‘zaro uyg‘unlashuviga to‘siq bo‘la olmagan.
Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo uchun eng qisqa yo‘l orqali dengiz kommunikatsiyalaridan foydalanish, transport yo‘laklarimizni diversifikatsiya qilish va shu bilan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun keng bozorlarni ochish imkoniyatlarini ta’minlashga qodir”, deydi Komilov.
Tolibonlar bilan muloqot haqida O‘zbekiston TIV rahbari ular Afg‘oniston fuqarolari va jamitning bir bo‘lagi ekanini ta’kidladi.
“Toliblar afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z davlatining kelajagini belgilashda ishtirok etishlari lozim degan tamoyilga asoslanganmiz.
Fikrimizcha, 2001 yilgi Afg‘oniston bo‘yicha Bonn konferensiyasining asosiy xatosi shundan iborat ediki, mamlakatda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarga tolibonlar jalb qilinmaganligi oqibatida urush yana 18 yildan buyon davom etib kelmoqda”, deya fikr bildirdi Abdulaziz Komilov.
AQSH va Tolibon harakati o‘rtasidagi bitim tinchlikka erishish yo‘lidagi dastlabki qadam ekanini ta’kidlab, bu afg‘onlar o‘rtasida muloqot boshlash imkonini yaratishini aytib o‘tdi.
“18 yildan buyon to‘xtamayotgan janglardan so‘ng AQSH va “Tolibon” harakati o‘rtasida bitim imzolanishi, albatta, butun mintaqa uchun muhim voqeadir. Buning Afg‘onistondagi tinchlik uchun ahamiyatini baholash mushkul vazifa. Ammo oldinda hali murakkab ish turibdi. Vaziyatni to‘g‘ri tushunish kerak. Ko‘plab qiyin, nozik muammolar saqlanib qolmoqda. Aslini olganda, AQSH va toliblar o‘rtasidagi bitim tinchlikka olib boruvchi yo‘lning nihoyasi emas, balki faqat boshlanishidir.
Hozir bevosita tinchlik jarayoni, afg‘onlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlash muhim. Endilikda hamma narsa Afg‘oniston xalqining mustahkam irodasi, birligi va qat’iyatiga bog‘liq.
Shu munosabat bilan imkon qadar tezda hukumat va muxolifat delegatsiyalarini shakllantirish, Afg‘onistonni tinch yo‘llar bilan qayta tiklash barcha masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni boshlash juda muhimdir. Bu jarayon har qanday tashqi aralashuvdan xoli bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, Afg‘oniston taqdiri afg‘onlarning o‘z qo‘lidadir”, deydi diplomat.
Avvalroq, AQSH va “Tolibon” bitim imzolashi haqida xabar bergan edik. Bitimni imzolash marosimida Abdulaziz komilov ham ishtirok etadi.
LiveBarchasi