Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada qatnashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha, 24 noyabr kuni onlayn rejimda Jeneva shahrida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati bugun, 25 noyabr kuni xabar berdi. 

Tadbir Finlyandiya Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatlari tomonidan hamda BMT ko‘magida tashkil etildi. Konferensiya ishida 100 dan ortiq davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari qatnashgan. 

Tadbir chog‘ida O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralari boshlanganini olqishlagan va ularning o‘tkazilishiga faol ko‘maklashgan ilk davlatlardan biri bo‘lgani qayd etilgan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tiklashga qaratilgan qator muhim va dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan. 

O‘zbekistonning elektr ta’minoti, transport infrastrukturasini qurish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalarida Afg‘onistonga yordam berayotgani ta’kidlandi. 

Konferensiyada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish hamda uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pandemiya sharoitida birodar afg‘on xalqiga O‘zbekiston tomonidan birinchi darajali ehtiyoj mahsulotlari, oziq-ovqatlar, tibbiyot vositalarini o‘z ichiga olgan qator gumanitar yordam karvonlari yuborilgani aytilgan.  

Forum qatnashchilari Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish va uning iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish borasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho bergan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 12 noyabr kuni “Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

12

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing