Abdukarim Mirzayev ozod qilindi

Jamiyat

image

Bir muddat avval, Turkiyada qamoqqa olingan o‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayev ozod qilindi. U Istanbul Immigratsiya idorasining Chet elliklarni deportatsiya qilish markazidan qo‘yib yuborilgan. 

Hozirda Abdukarim Mirzayev o‘z uyida, oilasi bag‘ridaligi aytilmoqda. Jurnalist tez orada jonli efirga chiqib, bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob beradi.

Eslatib o‘tamiz, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingandi.

Jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun yollangan advokat vaziyatni o‘rgangach, kimdir Abdukarim Mirzayevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani haqida xabar bergani, ushbu ma’lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so‘ngra qo‘lga olinganini aniqladi.

10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda qurollangan va harbiy libosdagi to‘rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzayevning uyiga kelib, tintuv o‘tkazishgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo‘shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketgan.

Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, politsiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlovchi dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarib, Migratsiya idorasining chet elliklarni saqlash bo‘limiga yuborgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Abdukarim Mirzayevning hibslanishi O‘zbekistonning so‘rovi asosida bo‘lmagani, mamlakatda unga nisbatan jinoiy ish ochilmaganini ma’lum qildi. Hozirgacha Tashqi ishlar vazirligi, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berganicha yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

661

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing