Abening o‘limida o‘zini ayblayotgan politsiya raxbari iste’foga chiqdi
Olam
−
25 avgust 2022
3560Yaponiya politsiyasi shtab-kvartirasi rahbari Itaru Nakamura sobiq Bosh vazir Sindzo Abening o‘ldirilishiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kamchiliklari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 25 avgust kuni “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Agentlikning qayd etishicha, u allaqachon Jamoat xavfsizligi komissiyasiga iste’foga chiqish istagini bildirgan.
Nakamura avvalroq Abening safari davomida xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar, jumladan, qo‘riqchilarni joylashtirish bilan bog‘liqligini tan olgan. U bunday hodisalarning oldini olish uchun ularni o‘rganishga va’da bergan.
Bundan oldin Abe hujumga uchragan Nara prefekturasi politsiya rahbari Tomoaki Onizuka soqchilarga xavfsizlik rejasini tayyorlash uchun atigi bir kun berilganini, shu bilan birga, tashrif arafasida Abening safari yo‘nalishi o‘zgartirilganini aytgan edi.
Onizukaning ta’kidlashicha, uning ustuvor vazifasi tergovni yakunlash va xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni imkon qadar tezroq aniqlash.
Abega suiqasd
Joriy yilning 8 iyul kuni Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe ko‘chadagi chiqishi davomida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq Bosh vazir 67 yoshida vafot etdi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 22 iyul kuni Yaponiya hukumati sobiq Bosh vazir Sindzo Abening davlat dafn marosimini 27 sentyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi