“A” yo‘lakda harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Jamiyat

image

Avtobus yo‘lagida harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa, poytaxtda eng dolzarb muammoga aylanmoqda. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan bo‘lsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha ko‘tarilmoqda. Bu esa yo‘llarda asabiy va ziddiyatli holatlarga, yo‘lovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqt sarflashiga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshdi. Ular uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi natijasida avtobuslarning qatnovdagi oraliq intervali 2 barobarga qisqardi. Yo‘lovchilar soni 2 barobarga o‘sib, kunlik foydalanuvchilar soni 1 mln yo‘lovchiga yetgan.

Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.

Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarishi ko‘plab kuzatilmoqda va ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlari hisoblanadi.

Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklagan holda aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Jumladan, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda.

Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Sentorlar ta’kidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, yo‘llarda jamoat transporti harakatlanishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Avtobus yo'lagi “A” yo'lak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing