Midweek: Trampning savdo urushi, Erdo‘g‘an himoyasidagi Jo‘loniy, muzokaraga yaqinlashayotgan Rossiya va Ukraina
Tahlil
−
05 fevral
3986AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp arzimagan sabablarga ko‘ra, Kanada, Meksika va Xitoyga qarshi og‘riqli savdo urushiga start berdi. Ikki qo‘shnisi bilan juda tez fursatlarda vaqtinchalik murosaga kelgan bo‘lsa-da, Xitoy borasida bojlar amalga kiritildi.
Injiq qariya Ukraina masalasida esa bir qadam oldinga ikki qadam orqaga harakat qilayotgandek. Bir tomondan rasmiy Kiyevga qurol yetkazishni tiklagani aytilsa, boshqa tomondan mazkur yordam tekinga tuhfa qilinmasligi, Trampning tinchlik muzokaralari esa Zelenskiysiz o‘tish xavfi bor.
Dunyo siyosiy sahnasidagi bor e’tiborning katta qismini Tramp bilan bo‘lishib olgan Suriya prezidenti Jo‘loniy bo‘lsa tashqi siyosatda yangi davrni boshlab yubordi.
Anchadan buyon tinch holatda turgan Ozarbayjon samolyotining halokati haqidagi mojaroda siljish bor. Dastlabki tergov ma’lumotlari ochiqlandi. Moskva va Baku munosabatlarining kelgusida qanday rivoj olishini belgilaydigan tergov o‘zining yakuniy pallasiga kirdi.
AQSH tashqi siyosatidagi “qariyalik”
4 fevral kuni Xitoy hukumati bir qator Amerika tovarlariga boj joriy etilishini e’lon qildi. Pekinning qarori AQSH yangi ma’muriyatining Xitoydan keladigan tovarlarga bojlarni oshirish rejalariga javob bo‘ldi. Xitoy Savdo vazirligi ko‘mir va suyultirilgan gazga 15 foizlik, shuningdek, neft xomashyosi, qishloq xo‘jaligi texnikasi va bir qator transport vositalariga 10 foizlik boj to‘lovi joriy etilishini e’lon qildi. Albatta, Pekinning bu qarori AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik boj joriy etishni buyurganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Ammo Tramp yaqin bir necha kun ichida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgani aytilmoqda. Bu esa Xitoyga qarshi ochilgan savdo urushi Kanada va Meksika kabi murosaga kelish yo‘li bilan yakunlanadimi, yo‘qmi degan savolni o‘rtaga chiqarmoqda. Chunki barchaga ma’lum bo‘lganidek, Xitoy Tramp boshchiligidagi AQSHning yangi ma’muriyati fevral oyidan savdo tariflarini joriy etishga qaror qilgan yagona davlat emas. U avvalroq mamlakatga kirib kelayotgan halokatli fentanil narkotik moddasi va noqonuniy muhojirlar oqimini oldini olish talabi bilan Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlar bo‘yicha tegishli buyruqlarni imzolagan edi. Biroq 3 fevral kuni, tariflar kuchga kirishidan bir kun oldin, Tramp Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum va Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. AQSH Prezidenti tariflarni joriy qilishni bir oyga kechiktirishga rozi bo‘ldi va bunga javoban Meksika o‘zining shimoliy chegarasiga 10 ming Milliy gvardiya qo‘shinini joylashtirishga qaror qildi. Sheynbaum mazkur kelishuv tafsilotlarini ochiqlar ekan, bu AQSHning Meksikaga noqonuniy qurol savdosining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish majburiyatini ham o‘z ichiga olganini aytdi. Keyinchalik Ottava bilan ham shunday kelishuvga erishildi. Tramp xuddi shu 3 fevral kuni kechqurun Kanadaga tariflar ham 30 kunga kechiktirilishini aytdi. Buning evaziga Kanada 1,3 milliard dollarlik chegara nazorati rejasini amalga oshirib, chegaraga 10 mingga yaqin chegarachini joylashtirish majburiyatini olgan.
AQSH prezidenti o‘zi tomonidan ochilgan ushbu ahmoqona savdo urushining oqibatlari qisqa muddat ichida amerikaliklar uchun og‘riqli kechishini tan oldi. Chunki Tramp savdo urushi ochgan yoki shunday tahdid bilan yuzlangan mamlakatlar Qo‘shma Shtatlarning uchta eng yirik savdo sherigi Xitoy, Meksika va Kanada mamlakatlaridan keladigan tovarlarning keskin qisqarishi AQSHdagi savdo rastalaridan ko‘plab mahsulotlarning yo‘qolib qolishiga olib kelishi tayin. Shunday bo‘lsa-da, Tramp o‘zining ushbu urushini Yevropa Ittifoqida ham davom ettirishi mumkinligiga ishora qildi. U Qo‘shma Shtatlarning YeI bilan savdo kamomadi 300 milliard dollarga yetganini misol qilgan holda Yevropa Ittifoqi AQSHdan foydalanayotganini iddao qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Atlantika okeanining narigi tomonidagi hamkor AQSHdan hech qanday mashina yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib ketmaydi, Qo‘shma Shtatlar esa aksincha, ulardan hamma narsani qabul qiladi. O‘z o‘rnida Yevropa Ittifoqi Trampning bu boradagi tahdidlaridan afsusda ekanini bildirdi. Ammo Bryussel nohaq yoki o‘zboshimchalik bilan tariflarni joriy qilgan har qanday savdo sherigiga qat’iy javob berishi haqida ogohlantirdi. Tramp esa yuqorida nomlari qayd etilgan savdo sheriklaridan tashqari yana bir yirik blok – BRICS davlatlariga ham yuqori tariflar bilan tahdid qilishga ulgurgandi. U 30 yanvar kuni agar BRICS davlatlari xalqaro to‘lov vositasi sifatida AQSH dollaridan voz kechsa, ularga nisbatan 10 yoki 15 foiz emas, balki 100 foizlik bojlar joriy qilish bilan qo‘rqitgandi. Shunday qilib, voqealar rivojidan ma’lumki, Tramp dunyo davlatlariga allaqachon urush ochdi. Faqat bu urushda qurol va qurbonlar boshqa-boshqadir. Trampning mazkur savdo urushida yuqori miqdordagi bojlar qurol bo‘lsa, oddiy fuqarolarning joni emas, balki cho‘ntagi qurbon rolidadir.
Arab davlatlari Trampga yana “yo‘q” dedi
Bundan bir necha kun oldin Tramp G‘azo sektori aholisini Iordaniya va Misrga ko‘chirish orqali ularga farovonlikni ta’minlash niqobi ostida amalda Falastin davlatchiligini “de-fakto“ – yo‘q qilish ko‘zlangan taklifini ilgari surgandi. Ammo uning bu taklifi rasmiy Amman va Qohira tomonidan darhol rad etilgandi. 1 fevral kuni Misr poytaxti Qohirada o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Arab mamlakatlari falastinliklarni o‘z yerlaridan ko‘chirishni har qanday holatda rad etishini yana bir bor tasdiqladi. Ushbu bayonot AQSH Prezidenti Donald Trampning Misr va Iordaniya G‘azo sektori aholisini qabul qilishi kerakligi haqidagi chaqiriqlariga javob sifatida berildi. Qo‘shma bayonotda Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin ma’muriyati va Arab davlatlari ligasi vakillari bunday harakatlar mintaqadagi barqarorlikka tahdid solishi va tinchlik imkoniyatlarini zaiflashtirishini ta’kidlagan. Bunday taklif tanqidchilar tomonidan etnik tozalashga teng harakat sifatida baholandi. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 29 yanvar kuni Misr falastinliklarni ko‘chirishda ishtirok etmasligini va mamlakat aholisi bunga qarshi norozilik namoyishlariga chiqishini ta’kidlagandi. Shunga qaramay, Tramp 30 yanvar kuni ushbu g‘oyani yana bir bor takrorlab, “biz ular uchun ko‘p ish qildik, endi ular bunga rozi bo‘lishi kerak”, deya bayonot berib, bu orqali ko‘p ehtimol, AQSHning Misr va Iordaniyaga ko‘rsatayotgan harbiy va moliyaviy yordamini nazarda tutdi. Trampning bu boradagi niyati xuddi Grenlandiya va Panama kanali singari juda jiddiy chog‘i. Chunki Misr Prezidenti as-Sisining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 1 fevral kuni ikki yetakchi o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan va Tramp as-Sisini rasmiy tashrif bilan Vashingtonga taklif qilgan. Ma’lum qilinishicha, suhbat AQSH tomonining tashabbusi bilan tashkillashtirilgan. Bo‘lajak uchrashuvda hamkorlik va Yaqin Sharqda tinchlikka erishish kabi umumiy gap-so‘zlardan boshqa hech narsa oshkor etilgani yo‘q. Ammo Tramp yopiq eshiklar ortida Sisiga G‘azoda “etnik tozalash” o‘tkazish niyati jiddiy ekanini bildirishi mumkin. Sisi esa AQSHda turgan holda Tramp qarshisida ham xuddi Misrda berayotgan bayonotlari kabi dadil bo‘lishi hozircha noma’lum.
Tramp yana gumashtasi bilan. U G‘azoni egallamoqchi
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 4 fevral kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilib, G‘azo aholisining kelajagi haqida bir qator bayonotlar berdi. Netanyaxu bilan muzokaralar oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida Tramp G‘azo aholisini zo‘ravonlikdan qo‘rqmasdan yashashlari mumkin bo‘lgan joylarga doimiy ravishda ko‘chirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini yana takrorladi. Binyamin Netanyaxuni Oq uyda kutib olgan Tramp o‘zi va uning jamoasi G‘azo aholisini joylashtirish imkoniyatlarini Iordaniya, Misr va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan qayta muhokama qilayotganini aytdi. U “odamlarni baxtli yashashlari mumkin bo‘lgan, otib tashlanmaydigan va o‘ldirilmaydigan yaxshi uylarga doimiy ravishda joylashtirish” bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini ta’kidladi.
“Men G‘azoga boshqalardan ko‘ra farqli yondashaman. O‘ylaymanki, ularga yaxshi, yangi, go‘zal yer uchastkasi berish, uni o‘zlashtirishga mablag‘ sarflamoqchi bo‘lgan odamlarni topish, uni yashash uchun qulay qilish kerak”, dedi Tramp.
AQSH Prezidentining falastinliklar G‘azodan faqat “muqobil yo‘qligi” sababli tark etmayotganini aytganidan so‘ng HAMASning yuqori martabali mulozimi Sammi Abu Zuhriy Donald Trampning so‘zlarini darhol tanqid qilib, ularni Yaqin Sharqdagi “xaos uchun retsept” deb atadi. Netanyaxu 20 yanvarda Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan keyin Oq uyga taklif qilingan birinchi xorijiy yetakchi bo‘ldi, bu Isroil va AQSH o‘rtasidagi buzilmas ittifoq ramzi hisoblanadi. G‘azo sektoridagi aholini ko‘chirish g‘oyasi yangi emas, ammo Tramp Netanyaxu bilan uchrashuvda sektor borasidagi yangi maqsadlarini ochiqladi. Unga ko‘ra, AQSH endilikda G‘azoni o‘z nazoratiga olishni rejalashtirmoqda. G‘azoga AQSH qo‘shinlarini jo‘natish kerakmi degan savolga esa Tramp “kerak bo‘lganini qilamiz”, deb javob berdi.
“Men uzoq muddatli mulkchilik holatini ko‘rmoqdaman va buni Yaqin Sharqning bu qismiga ko‘proq barqarorlik olib keladi deb bilaman. Men buni ko‘p oylar davomida juda diqqat bilan o‘rganib chiqdim. Men Isroilni yaxshi ko‘raman. Men u yerga boraman, G‘azoga boraman, Saudiya Arabistoniga va butun Yaqin Sharqning boshqa joylariga boraman”, deb va’da berdi Oq uy egasi.
Putindan keyin Tramp ham Zelenskiydan legitimlik talab qilmoqda
Oradan 9 oy o‘tib, Ukraina Prezidenti Zelenskiy legitimligi masalasi yana kun tartibiga chiqmoqda. Gap shundaki, Tramp tomonidan Ukraina bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlangan va bosqinni yakunlash vazifasi topshirilgan Kit Kellogg bugungi AQSHning yangi ma’muriyati Ukrainada 2025 yil oxirigacha prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilishini istayotganini ma’lum qildi.
“Ko‘pgina demokratik mamlakatlarda urush paytida ham saylovlar o‘tkaziladi. Bu juda muhim va demokratiya uchun foydalidir. Barqaror demokratiyaning mohiyati shundaki, unda har doim bir nechta nomzod ishtirok etishi mumkin”, deydi Kellogg.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, agar Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, g‘olib Moskva bilan uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Biroq Ukraina rasmiylari Tramp ma’muriyati hozircha Kiyevga saylovlarni yil oxirigacha o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘rov bilan chiqmaganini ma’lum qildi. Shuni ham ta’kidlash joizki, 2023 va 2024 yillarda Bayden ma’muriyati vakillari ham ukrainalik hamkasblari bilan saylov o‘tkazish masalasini muhokama qilgan, biroq Kiyev bu taklifni rad etgan. Ukraina tomoni o‘shanda saylovlarning hozirgi beqaror sharoitda o‘tkazilishi mamlakat yetakchilarini bo‘lib yuborishi va Rossiyaning ta’sir kampaniyalariga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Bugun esa AQSHda hokimiyat yangilangan paytdan foydalanib, Putin Zelenskiyning legitimligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqishga harakat qildi. Va ma’lum ma’noda bunga erishdi ham. Negaki, Kit Kelloggning yuqoridagi bayonoti Putin Zarubinga bergan intervyusining davomi “Zelenskiyning qonuniyligi 0 ga tengligi va u muzokaralarda qatnasha olmasligini” da’vo qilgandan so‘ng paydo bo‘ldi. Putin ko‘p ehtimol o‘zining bu pozitsiyasi bilan ehtimoliy muzokaralarni murakkablashtirishni rejalashtirgani oydek ravshan edi.
Aslida Ukrainaning ayni damdagi rahbari Vladimir Zelenskiyning legitimligi haqida turli gap-so‘zlar o‘tgan yilning may oyida yangray boshladi. Bu haqda eng birinchilardan bo‘lib o‘z faoliyati davomida oz emas, ko‘p emas naqd 5 marotaba prezident etib saylangan va 25 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin so‘z ochdi. Ukrainaning amaldagi rahbari 2019 yil 20 maydan o‘z lavozimiga kirishgan. Ukrainada Prezident mandati 5 yil ekanligini hisobga olsak, o‘tgan yil 20 may kunida Zelenskiyning boshqaruv muddati tugagan. Saylovlar 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq harbiy harakatlarning davom etishi bunga yo‘l bermadi. Shu o‘rinda, mamlakat rahbarining hokimiyati qonuniy yoki aksincha ekanligiga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan asosiy hujjat Konstitutsiya ekanligini esdan chiqarmaslik lozim. O‘z o‘rnida, Putin ham Ukraina Konstitutsiyasiga nazar tashlagan holda ayrim moddalarda qayd etilgan jumlalarga ishora qilgandi.
“Biz Ukraina Konstitutsiyasida nima yozilganiga qarashimiz kerak, qaysi davlat organlari Ukraina Konstitutsiyasiga muvofiq, saylovlarsiz, saylov tartib-qoidalarisiz uzaytirilishi mumkin va qaysi biri bu huquqlarga ega emas – bu huquqiy tahlil asosida amalga oshirilishi mumkin. Bular Ukraina siyosiy va huquqiy tizimi uchun savollar”, degandi Rossiya rahbari Toshkentdagi matbuot anjumanida.
Jo‘loniy “katta tezlik oldi”
Suriyaga ilk xorijiy davlat rahbari sifatida Qatar Amiri Tamim kelganidan ko‘p o‘tmay Ahmad ash-Shara ham o‘zining dastlabki tashriflarini boshlab yubordi. Suriyaning yangi prezidenti 2 fevral kuni Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Aeroportda u va tashqi ishlar vaziri Shiboniyni Saudiya rasmiylari kutib oldi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Qayd etilishicha, yetakchilar ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash va mintaqaviy voqealarni muhokama qilgan. Ahmad ash-Sharaning yozma bayonotida esa valiahd shahzoda bilan gumanitar va iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, “energetika, texnologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida keng ko‘lamli kelajak rejalari” muhokama qilingani ma’lum qilingan. Saudiya OAVlari xabarlariga ko‘ra, ikki yetakchi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va Suriyaga nisbatan joriy etilgan xalqaro sanksiyalarni bekor qilish uchun qanday yordam olish mumkinligini muhokama qilgan. O‘z tug‘ilib o‘sgan mamlakatiga tashrifi chog‘ida Ahmad ash-Shara 3 fevral kuni Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi.
Shundan so‘ng u ertasi kuni 4 fevralda Turkiyaga yo‘l olib, Prezident Rajab Toib Erdo‘g‘an bilan Anqarada uchrashdi. Uchrashuv davomida Isroilni Suriya janubidagi bufer zonadan olib chiqish va 1974 yilgi kelishuvni amalga oshirish uchun xalqaro bosimning ahamiyatini muhokama qildi. U shuningdek, ortda qolgan yillar davomida Suriyada ro‘y bergan notinchlik paytida Turkiya Suriya xalqi uchun o‘z eshiklarini ochganini alohida ta’kidlab, o‘z minnatdorligini bildirdi.
“Suriya xalqi millionlab qochqinlarga eshiklarini ochgan Turkiya davlati va xalqining tarixiy pozitsiyasini hech qachon unutmaydi. Bu hamjihatlik oxirgi yillarda Suriya va turk qoni ozodlik kurashida aralashib ketgan paytda cho‘qqisiga chiqdi”, dedi u.
Ash-Shara Turkiyaning hozirgi yangi ma’muriyatning siyosiy va iqtisodiy muvaffaqiyatini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari Suriyaning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va xavfsizligi uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, Suriya va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarning kuchli tarixiy ildizlarga ega ekanini va turk ma’muriyati va xalqi duch kelgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishda davom etganini qayd etdi. Uchrashuvdan oldin bir qator OAV ikki tomon mudofaa pakti ustida ishlayotganini va u Turkiya tomonidan harbiy bazalar tashkil etilishi hamda Suriyaning harbiy xizmatchilari tayyorgarligiga doir bandlarni o‘z ichiga olishini yozgan edi. “Mada Masr nashrining Suriya xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga ko‘ra, Turkiya aviabazalar va havo mudofaa tizimlarini yaratish ustida ishlamoqda va tez orada Suriya bilan o‘zaro mudofaa bo‘yicha shartnoma imzolashi mumkin. Bu Turkiyaga Suriya havo hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi. Manbaga ko‘ra, bazalar Tiyas va Palmira hududlarida joylashtirilishi mumkin. Ikkala aholi punkti ham mamlakat markazidagi Homs viloyatida joylashgan bo‘lib, bir-biridan 60 km uzoqlikda o‘rin olgan. Hozirda ushbu harbiy ob’ektlar Suriya harbiy-havo kuchlariga tegishli. Ammo yakunda hamkorlik borasida biror bir hujjat imzolanmagani aytilmoqda.
Embraer 190 halokatining dastlabki tergov hisoboti
2024 yilning 25 dekabrida Qozog‘iston hududida halokatga uchragan Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining “qora quti”lari tahlil qilish uchun Braziliyaga yetkazilgandi. Aeronavtika bo‘yicha mutaxassislar allaqachon mazkur samolyotning “qora quti”laridagi ma’lumotlarni tahlil qilishni boshlagan. Baku va Moskva o‘rtasida o‘zaro ziddiyatga sabab bo‘lgan, Putinni Aliyevdan uzrlar so‘rashga majbur qilgan halokat yuzasidan tergov harakatlari boshlangandi. Ushbu jarayonda Qozog‘istondan uch nafar tergovchi, Ozarbayjon va Rossiya agentlari qatnashayotgani haqida xabar qilindi. Ular havo halokatlarini tekshirish va oldini olish markazida yig‘ilgan bo‘lib, mazkur tergov jarayoniga Braziliya ham ko‘maklashayotgani ma’lum qilingandi. O‘shanda Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining halokatga uchrashini tekshirish bo‘yicha tuzilgan Qozog‘iston hukumat komissiyasi 30 kun ichida tergovning dastlabki yoki oraliq natijalarini taqdim etishini bildirib, u bu muddatni mazkur holat bo‘yicha mavjud standartlarga tayangan holda aytgandi. Mazkur haftada esa ushbu tergovning dastlabki xulosalari OAVga sizdirildi. Qozog‘iston Transport vazirligi Aqtau yaqinida halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti bo‘yicha tergovning dastlabki natijalarini aks ettiruvchi hisobotni e’lon qildi. Mazkur hisobot bilan hodisaning bir qator yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Vazirlikka ko‘ra, samolyotdagi yong‘inning asosiy manbai o‘ng qanot, fyuzelyaj (samolyot tanasi)ning burun va markaziy qismlari hamda chap qanoti bo‘lgan. Mutaxassislar fyuzelyajning quyruq qismida, vertikal stabilizator va rulda turli o‘lcham va shakldagi ko‘plab ochiq va noaniq shikastlanishlarni aniqladi. Xuddi shunday shikastlanishlar samolyotning chap dvigateli va chap qanotida ham aniqlangan. Ba’zi joylardagi teshiklar to‘rtburchaklar shaklida bo‘lgan.
Baxtsiz hodisani tekshirayotgan davlat talablarga ko‘ra, 30 kun ichida manfaatdor sub’ektlarga dastlabki faktik ma’lumotlarni aks ettiruvchi hisobot taqdim etishi kerak. Qozog‘istonda tuzilgan tergov komissiyasi ushbu hisobotni tayyorlashga Ozarbayjon vakillarini ham jalb qilgan holda dastlabki hisobotda quyidagi faktlarni tasdiqladi: Jumladan, 2024 yil 25 dekabrda Ozarbayjon Respublikasining Baku shahridan Rossiya Federatsiyasining Grozniy shahriga muntazam reysni amalga oshirgan. “Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli Embraer 190-100 IGV yo‘lovchi samolyoti havoga ko‘tarilganda va Grozniyga parvoz paytida parvozga yaroqli holatda bo‘lgan. Samolyotning ikkala dvigateli ham voqea sodir bo‘lgunga qadar hech qanday texnik nosozliklarsiz ishlagan. Samolyot Rossiya Federatsiyasi havo hududida, jumladan, Grozniy aeroporti ustida parvoz operatsiyalarini bajarish chog‘ida GPS signallarini yo‘qotgan. Samolyot noqulay ob-havo sharoiti tufayli Grozniy ustidan ikkinchi qo‘nishni amalga oshira olmaganidan so‘ng kapitan Bakuga qaytishga qaror qilgan. Ushbu qaror qabul qilingandan so‘ng Grozniy ustidagi CVR 24 soniya oralig‘ida ikkita begona shovqinni qayd etgan. Samolyotning fyuzelyajida ko‘p sonli kirib boruvchi va ko‘r-ko‘rona shikastlanishlar borligi aniqlanib, foto va video tasvirga olingan. Samolyot fyuzelyajida begona jismlarning ta’siri natijasida aniqlangan shikastlanishlar hosil bo‘lishi haqida ma’lumot berildi. Dastlabki hisobotda qushlarning urilishi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Kislorod balloni portlash faktini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar ham qayd etilmagan. Chikago konvensiyasiga ko‘ra, dastlabki hisobot tayyorlangach, voqea sodir bo‘lgan kundan boshlab 1 yil ichida avariya sabablari bo‘yicha yakuniy hisobot tayyorlanishi kerak. Qozog‘iston Respublikasi va tergovda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar tomonidan yakuniy hisobotni tayyorlash bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Ammo tarmoqlarda yuqorida qisqacha to‘xtalib o‘tganimiz, 53 betli ilk tergov hisobotida qayd etilmagan ma’lumotlar ham tarqamoqda. Jumladan, “Reuters” Ozarbayjon hukumatidagi manbasiga tayangan holda Aqtau shahriga yaqin joyda qulab tushgan Embraer 190 samolyoti Rossiyaning “Pansir-S” havo mudofaa tizimi raketasi tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi.
LiveBarchasi