Ahmadaliyev Inouega qarshi ehtimoliy jang bo‘yicha shikoyat bilan chiqdi
Sport
−
17 Oktabr
8664O‘zbekistonlik professional bokschi Murodjon Ahmadaliyevning advokati Pet Inglish yaponiyalik mutlaq chempion Naoya Inoue bilan bo‘layotgan munozaralarga oydinlik kiritib, Inoue majburiy himoya jangidan qochayotganini va Ahmadaliyevning huquqlari poymol etilayotganini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Biz bu pullik reklama takliflariga, Sem Gudman Inouening navbatdagi raqibi bo‘lishiga qarshimiz. Murodjon Ahmadaliyev uzoq vaqtdan beri WBA chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lib kelgan. Buyruqqa ko‘ra, Naoyaning keyingi jangi WBA kamari uchun majburiy da’vogar bilan bo‘lishi kerak. Biz WBA’dan majburiy himoya jangini tashkil etilishini talab qildik. Biz tahdid qilmoqchi emasmiz, lekin janob Inoue WBA’ning majburiy himoyasidan qochishga harakat qilsa, biz qonuniy choralar ko‘ramiz”, deydi Pet Inglish.
Shuningdek, advokat o‘zbekistonlik bokschining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.
“Agar janob Inoue WBA chempionlik unvonidan voz kechmoqchi bo‘lsa, biz uning Ahmadaliyevdan boshqasi bilan jang qilishiga to‘sqinlik qilmaymiz, lekin biz hozir sodir bo‘layotgan voqealarga qarshimiz. Kimdir yoki biror tashkilot janob Ahmadaliyevning huquqlarini poymol etayotganiga qarshimiz”, deydi Inglish.
Ma’lumot uchun, 31 yoshli Inouening keyingi jangi dekabr oyida Yaponiyada avstriyalik Sem Gudmanga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ahmadaliyevda esa hozircha aniq rejalashtirilgan jang yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi boshida Ahmadaliyev Inouega murojaat yo‘llab, uni nokaut qilishini aytgandi.
LiveBarchasi