81 yoshli Yoveri Museveni 7-marta Uganda prezidentligiga saylandi

Olam

image

1986 yildan beri hokimiyatda qolayotgan 81 yoshli Uganda Prezidenti Yoveri Museveni mamlakatda internet to‘liq o‘chirilgan sharoitda kecha, 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda yettinchi muddatga qayta saylandi. Bu haqda saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga tayanib, BBC xabar berdi.

Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Museveni 76,25 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi – musiqachi va muxolifat yetakchisi Bobi Vayn 19,85 foiz ovoz olgan. Qolgan olti nomzod esa boshqa ovozlarni bo‘lib olgan. Museveni saylovdan so‘ng “agar firibgarlik bo‘lmasa”, 80 foiz atrofida ovoz olishini kutayotganini aytgan. Vayn esa tarafdorlarini norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirgan, biroq hozircha ommaviy chiqishlar kuzatilmayapti.

Muxolifat natijalarni tan olmay, ovozlarni soxtalashtirish holatlari bo‘lganini da’vo qilmoqda. Saylov arafasida mamlakatda internet aloqasi to‘liq uzib qo‘yilgan. Bu holat 2021 yilgi saylovlar ssenariysini takrorladi – o‘shanda ham internet o‘chirilgan. Rasmiy natijalarga ko‘ra, o‘sha paytda Museveni 59 foiz, Vayn esa qariyb 35 foiz ovoz olgan.

Saylov kuni kechqurun Vaynning “Milliy birlik platformasi” partiyasi X ijtimoiy tarmog‘ida harbiylar va politsiya poytaxt Kampala shahrida muxolifat yetakchisining uyini qurshab olgani, amalda uni va rafiqasini uy qamog‘iga olgani haqida xabar bergan. Partiya iddaosiga ko‘ra, kuch tuzilmalari panjaradan oshib o‘tib, hovli ichida chodirlar tiklagan. Biroq politsiya vakili Kituuma Rusoke “Reuters”ga bergan izohida bundan bexabar ekanini aytgan.

Ma’lumot uchun, Yoveri Museveni 1986 yilda harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyatga kelgan. Davlat targ‘iboti uni ozod qiluvchi va barqarorlik kafolati sifatida tasvirlaydi, tanqidchilar esa uni shaxsga sig‘inish muhitini yaratishda, muxolifatni qo‘rqitishda va hokimiyatni o‘g‘li – Qurolli kuchlar qo‘mondoni Muxuzi Kainerugabega topshirishga hozirlanishda ayblaydi.

Bobi Vayn (asl ismi Robert Kiagulanyi Ssentamu) – Kampalaning kambag‘al mahallalarida ulg‘aygan mashhur musiqachi. Uning partiyasi mamlakatda sog‘liqni saqlash, ta’lim va toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Saylovlar arafasida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ovoz berish “keng ko‘lamli repressiyalar va qo‘rqitishlar” sharoitida o‘tayotganini ma’lum qilgan. Saylovoldi davrida xavfsizlik kuchlari Vaynning mitinglarida bir necha bor o‘q uzgan va uning yuzlab tarafdorlarini hibsga olgan. Muxolifat iddaosiga ko‘ra, 2021 yil noyabrida shunday mitinglardan birini tarqatish chog‘ida politsiya qariyb 50 kishini o‘ldirgan. Keyinchalik politsiya rahbariyati holatni tan olib, faqat ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilishi kerak bo‘lganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida konservativ qarashlari bilan tanilgan, Respublikachilar partiyasi vakili, 59 yoshli Xose Antonio Kast g‘alaba qozongandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yoveri Museveni Uganda Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar