Chiliga yangi Prezident saylandi
Olam
−
15 dekabr 1521 1 daqiqa
Chilida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida konservativ qarashlari bilan tanilgan, Respublikachilar partiyasi vakili, 59 yoshli Xose Antonio Kast g‘alaba qozondi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning mamlakat saylov xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Kast ikkinchi turda 58,30 foiz ovoz to‘plagan.
Kastning asosiy raqibi – mehnat va ijtimoiy himoya vaziri lavozimida ishlagan, Kommunistik partiya a’zosi Janett Xara 41,70 foiz saylovchi qo‘lloviga ega bo‘lgan.
Mag‘lubiyatini tan olgan Xara Kastga muvaffaqiyat tilagan.
Xose Antonio Kast 59 yoshda bo‘lib, ko‘p yillik siyosiy faoliyati davomida doim qat’iy o‘ng qarashlarga sodiq bo‘lib kelgan. Xususan, u chegaralarda devorlar qurish, jinoyatchilik darajasi yuqori hududlarga qo‘shin joylashtirish va mamlakatda noqonuniy yashayotgan barcha migrantlarni deportatsiya qilish tarafdori bo‘lgan. Nashrning yozishicha, uning hokimiyatga kelishi Lotin Amerikasida “qayta kuch olayotgan o‘ng harakatning navbatdagi g‘alabasi” hisoblanadi.
“The Times” nashri Kastni AQSH Prezidenti Donald Tramp hamda Chili diktatori Augusto Pinochet tarafdori sifatida ta’riflagan. Siyosatchining o‘zi ham general Pinochet boshqaruv uslubiga bo‘lgan simpatiyasini yashirmagan, uni “mamlakatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqan” deya baholagan. Shu bilan birga, u Pinochet davrida Chilida inson huquqlari buzilganini ham inkor etmagan.