8 davlat Isroilni G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini buzishda aybladi
Olam
−
15:31 937 3 daqiqa
Sakkiz mamlakat Tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot bilan chiqib, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning yo‘l xaritasini rad etgani sababli Isroilni G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini barbod qilishda aybladi. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida sakkiz mamlakat TIV rahbarlarining qo‘shma bayonotini e’lon qildi.
“Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Qatar Davlati va Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari Isroil tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan AQSH Prezidenti Trampning G‘azodagi nizoni hal qilish bo‘yicha Har tomonlama rejasini amalga oshirishni yakunlashga oid yo‘l xaritasi, shuningdek, Falastin davlatchiligi rad etilganini qoralaydilar.
Ushbu pozitsiyalar Har tomonlama rejaning to‘g‘ridan to‘g‘ri inkor etilishini anglatadi, uning amalga oshishini xavf ostiga qo‘yadi va adolatli hamda mustahkam tinchlikka erishish uchun ko‘rilayotgan jamoaviy harakatlarga tubdan putur yetkazadi.
Bunday rad etish Isroil endilikda G‘azoda va qolgan bosib olingan Falastin hududida tinchlik o‘rnatish harakatlariga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.
Bayonotda, shuningdek, Falastin fraksiyalari tomonidan qabul qilingan yo‘l xaritasi vositachilar, ya’ni Misr, Qatar, Turkiya, AQSH, G‘azo bo‘yicha Oliy vakil va Tinchlik kengashi tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli harakatlar natijasi ekani ta’kidlanadi.
TIV rahbarlari yo‘l xaritasi Har tomonlama rejada nazarda tutilganidek, Isroil qo‘shinlarining olib chiqilishi, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarining joylashtirilishi, ma’muriy vakolatlarning G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mitaga topshirilishi va G‘azoning qayta tiklanishi bilan bir vaqtda qurolsizlantirish jarayonidagi muhim bosqich ekaniga e’tibor qaratadi.
“Yo‘l xaritasidan voz kechish Har tomonlama rejani amalga oshirishni davom ettirishdan ochiqchasiga voz kechishni anglatadi va AQSH Prezidenti Trampning G‘azodagi urushni to‘xtatish va mustahkam tinchlik uchun sharoit yaratish borasidagi keng ko‘lamli harakatlarini barbod qilish bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soladi.
Shu munosabat bilan vazirlar Isroilning Har tomonlama reja va uning yo‘l xaritasida nazarda tutilgan barcha majburiyat va kelishuvlarga rioya qilishini ta’minlash hamda ularni amalga oshirishga keyinchalik to‘sqinlik qilinishining oldini olish uchun AQSHning doimiy va faol ishtiroki muhimligini ta’kidlaydilar.
Ular, shuningdek, Isroil o‘zining davom etayotgan noroziligi, to‘sqinlik qilishi, paysalga solishi yoki rioya qilmasligidan kelib chiqadigan har qanday oqibatlar, jumladan, joylardagi vaziyatning yomonlashuvi va G‘azoda urushni to‘xtatish jarayonining barbod bo‘lishi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri va to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini urg‘ulaydilar”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo bo‘yicha 15 banddan iborat rejasini rad etib, HAMAS “haqiqatan” qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo‘shinlari olib chiqilmasligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi