8,3 mlrd so‘mga ta’mirlangan “Norindaryo” ko‘prigi foydalanishga topshirildi
Jamiyat
−
01 noyabr 2020
8162Bugun, 1 noyabr kuni Namangan viloyatining Norin tumanini viloyat markazi bilan bog‘lovchi “Norindaryo” ko‘prigi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Farg‘ona halqa yo‘lining 98-kilometrida joylashgan Norin daryosi ustidan o‘tgan avtomobil ko‘prigi harakatlanish joriy yil 24 aprel kuni to‘xtatilgandi. Bunga 1962 yilda barpo etilgan ko‘prikda kuzatilgan darz va yoriqlar sabab bo‘lgan.
Andijon va Namangan viloyatlarini avtomobil yo‘li orqali o‘zaro bog‘laydigan Norin daryosi ustidan o‘tgan mazkur inshoot 6 oy davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 8,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Ko‘prik 2 tasmali avtobil yo‘lidan iborat bo‘lib, undan 1 soatda 834 ta, sutkasiga esa 20 mingdan ortiq avtomobil o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Rekonstruksiyadan so‘ng mazkur ko‘prikning eni qariyb 1,5 metrga kengaytirilib, ikki chetida piyodalar uchun yo‘laklar ham qurildi. Yo‘laklarning yon qismiga balandligi 1 metr 15 santimetrlik temir panjaralar o‘rnatildi. Hozirda ko‘prikning uzunligi 275, eni 10, balandligi esa 7 metrni tashkil etmoqda.
Norin hamda Uychi tumanlariga o‘tib qaytadigan piyodalarning kechki paytda ham ko‘prikda bemalol harakatlanishlarini ta’minlash uchun 13 ta elektrodiodli yoritgichlar o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, 160 mingdan ortiq aholiga ega Norin tumani fuqarolari viloyat markaziga qatnash uchun 6 oy davomida Uchqo‘rg‘on va Baliqchi tumanlari orqali aylanib borishiga to‘g‘ri kelgan.
Ko‘prikni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov ishtirok etdi.
“Xalqimizda “Ko‘prik qurganning savobi ulug‘” degan naql bekorga aytilmagan. Bugun foydalanishga topshirilayotgan inshootni tubdan rekonstruksiya qilish Prezidentimiz qarorlari bilan amalga oshirildi. Ushbu ko‘prik xalqimizga ko‘p yillar davomida xizmat qiladi degan umiddaman”, degan viloyat rahbari.
Viloyat hokimi ko‘prik qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga minnatdorlik bildirdi va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, yangi ko‘prik orqali avtomobillar va yo‘lovchilar harakatlanishi boshlab berildi.
LiveBarchasi