“75 lar xati”. Sobiq spiker prokurorlarning so‘rovini bema’nilik deb atadi

Olam

image

Bishkekning Birinchi may tuman sudida “75 lar xati” bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etmoqda. O‘tgan sud majlisida ayblov tomoni barcha ayblanuvchilarga to‘qqiz yildan qamoq jazosi berishni so‘ragan edi. Bugun, 2 iyul kuni bo‘ladigan sud jarayoni oldidan Jogorku Keneshning sobiq to‘rag‘asi (spikeri) Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li prokuraturaning ushbu so‘rovini bema’nilik deb atadi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishning boshqa bir figuranti – sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev jurnalistlarning savollariga javob berishni istamagan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev esa sud binosiga avtomobilda yetib borgan.

Bugun tomonlarning muzokaralari davom etadi. Shundan so‘ng ayblanuvchilar so‘nggi so‘zlarini aytadi va sud hukm chiqaradi.

Mazkur ish bo‘yicha taniqli siyosatchilar ayblanuvchi sifatida ishtirok etmoqda: MXDQ sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, Jogorku Kenesh sobiq to‘rag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, sobiq bosh prokuror Qurmankul Zulushev. Ular hozirda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Shuningdek, gumonlanuvchilar orasida Prezidentga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risida yo‘llangan murojaatga imzo chekkan besh kishi bor: Bekbolot Talg‘arbekov, Qursan Asanov, Qurmanbek Diyqanbayev, Aali Qarashev va Emil Uzoqboyev – ularning barchasi qamoqda saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 fevral kuni internet makonida Prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish so‘rovi bitilgan jamoaviy murojaat paydo bo‘lgan edi. Xatni 75 nafar turli jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Oradan hech qancha o‘tmay, 10 fevral kuniyoq Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan mahrum bo‘ldi. Sadir Japarov uning iste’fosini izohlar ekan, jamiyatda tarqoqlik va bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday qarorga kelganini aytgan edi. 

Aprel oyida Qamchibek Tashiyev va bir qator taniqli siyosatchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Ularning barchasi hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing