“75 lar xati”ga aralashgan deputatlarning ismlari ochiqlandi
Olam
−
18 iyun 8766 5 daqiqa
Bugun, 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi to‘rag‘asi (spikeri) Marlen Mamataliyev “75 lar xati” bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv tafsilotlarini so‘zlab berdi. U xatning parlamentga kelib tushish ssenariysi oldindan rejalashtirilganini va barcha manfaatdor shaxslar uni parlamentda kutishganini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Deputat Nurbek Sidig‘aliyev to‘rag‘a o‘z nutqida xatni qabul qilib olib, uni qo‘mitaga tushirgan spiker o‘rinbosari haqida gapirganiga e’tibor qaratgan.
“To‘rag‘aning uch nafar o‘rinbosari bor. Gap ularning qaysi biri haqida ketmoqda yoki sobiq o‘rinbosarlar nazarda tutilyaptimi? Odamlar bu jarayonga kimlar aralashganini bilishi uchun endi barcha ismlarni ochiq ayting”, degan u.
Xalq vakilining qo‘shimcha qilishicha, to‘rag‘aning so‘zlariga ko‘ra, xat Jogorku Keneshga oyning 10-kuni kelib tushgan.
“Shuni ta’kidlamoqchimanki, aynan o‘sha kuni MXDQ rahbari lavozimidan ozod etilgan edi. Agar u ishdan olinmaganida, jarayon butunlay boshqa yo‘nalishda ketgan bo‘lardi va hammangiz bilganingizdek, aynan shu sabab tufayli xat Jogorku Keneshda qolib ketdi. Ushbu faktlarning barchasi bo‘yicha komissiya tuzish va xizmat surishtiruvi o‘tkazish zarur”, deya qo‘shumcha qilgan Nurbek Sidig‘aliyev.
Parlament spikeri Marlen Mamataliyev ilgari “75 lar xati” ishiga aralashgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar maxfiylashtirilganini qayd etgan.
“Biroq hozirda OAVda bu haqda ma’lumotlar paydo bo‘lganini ko‘rib turibmiz va men axborotni ochiq ayta olaman. Xatni sobiq spiker Shakiyevning Alaybek ismli yordamchisi qabul qilib olgan. U xatni deputat Chingiz Ajibayevga topshirgan. U esa ro‘yxatdan o‘tishni tekshirish uchun xatni bir muddat o‘zida ushlab turgan. Keyinchalik xat konstitutsiyaviy qo‘mita rahbari bo‘lgan Qurmanqul Zulushevga berilgan va aynan u xatni qo‘mitaga tushirgan”, deya qo‘shimcha qilgan u.
To‘rag‘a, shuningdek, “75 lar xati” bilan bog‘liq voqealar joriy yilning 28–29 yanvar kunlaridan boshlanganini ta’kidlagan.
“O‘shanda ayrim manfaatdor shaxslar Jogorku Keneshda oziq-ovqat xavfsizligi, yangi haydovchilik guvohnomalari masalalari bo‘yicha chiqishlar qilib, jamoatchilikni ataylab g‘alayonga keltira boshlashgan edi. Shundan so‘ng Jogorku Keneshga “75 lar xati” kelib tushgan”, deydi Marlen Mamataliyev.
Qayd etish joizki, 2026 yil 10 fevraldan keyin Jogorku Kenesh tarkibi sezilarli darajada yangilandi. Markaziy saylov komissiyasining (MSK) ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, parlamentni 11 nafar deputat tark etgan. Ulardan o‘n nafari o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi asosida vakolatlarini muddatidan oldin topshirgan bo‘lsa, yana bir nafari – Janar Akayev O‘sh shahri hokimi (meri) etib tayinlanganidan keyin mandatidan mahrum bo‘lgan. Ishdan ketganlar orasida sobiq to‘rag‘a Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li, Quvanichbek, Qurmanqul Zulushev, Shoirbek Tashiyev, Nurlanbek Azigaliyev, Gulsunkan Junushaliyeva, Abdildabek Egemberdiyev va Temirlan Aytiyevlar bor.
Ma’lumot uchun, jinoyat ishi “75 lar xati” nomi bilan tanilgan siyosatchilar va jamoat arboblari murojaati bilan bog‘liq. Tergov talqiniga ko‘ra, ushbu murojaatda hokimiyatni o‘zgartirishga chaqiriq alomatlari mavjud bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudida sobiq mansabdor Qamchibek Tashiyevga oid ish bo‘yicha navbatdagi sud jarayonida Tashiyev jurnalistlarning savollarini javobsiz qoldirgani hamda sud jurnalistlarga jarayondan jonli translyatsiya qilishni cheklab qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi