“75 lar xati” figuranti deputatlarga javob qaytardi

Olam

image

Hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish ishi bo‘yicha sud majlisidan so‘ng “75 lar xati” figurantlaridan biri Qurmanqul Zulushev Jogorku Kenesh to‘rag‘asi (spikeri) Marlen Mamataliyevning bayonotiga izoh berdi. Bu haqda “24.kg” xabar qildi.

Qayd etilishicha, jurnalistlar Zulushevga to‘rag‘aning u tomonidan go‘yoki huquqiy xatolarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi so‘zlari yuzasidan savol bergan. Sobiq bosh prokuror savolga javob berar ekan, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

“Hammasini jarayon tugagach bilib olasizlar. To‘rag‘a mavjud bo‘lmagan narsalarni o‘ylab topyapti”, degan u.

Jogorku Keneshning sobiq deputati va mamlakatning sobiq bosh prokurori Qurmanqul Zulushev iyun oyining boshida ham “75 lar xati” ishini ochiq tarzda ko‘rib chiqish tarafdori ekanini bildirgandi. Zulushevning so‘zlariga ko‘ra, sud muhokamasining ochiq shaklda o‘tkazilishi jamoatchilikka jarayon haqida to‘liq ma’lumot olish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jogorku Kenesh raisi Marlen Mamataliyev “75lar xati” bilan bog‘liq mojarodan keyin Qirg‘izistonda deputatlarning ixtiyoriy ravishda mandatlarini topshirishiga munosabat bildirgan edi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing