700ga yaqin o‘zbekistonlik Istanbulda pasportini yo‘qotgan
Jamiyat
−
15 Sentabr 2019
4941So‘nggi vaqtlarda Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat – pasportga oid muammolar soni keskin ko‘paydi.
Jumladan, joriy yilning 1 yanvaridan 1 sentyabriga qadar bo‘lgan muddat davomida O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Bosh konsulxonasi tomonidan 1 ming 328 ta O‘zbekiston fuqarosiga Vatanga qaytishida amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Ulardan:
- 671 nafari pasportini yo‘qotgan;
- 44 nafari o‘g‘irlatgan;
- 263 nafarida pasportning amal qilish muddati o‘tib ketgan;
- 6 nafaridan Turkiya huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan turli tergov yoki pasportdagi soxta muhrlarni aniqlash maqsadida olib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, 314 ta sertifikat Turkiyada tug‘ilgan yoki ketishga hujjati mavjuda bo‘lmagan bolalarga va 57 tasi esa boshqa sabablar uchun rasmiylashtirib berilgan.
Ushbu muammolarni o‘z vaqtida bilan hal qilishda Bosh konsulxona tomonidan fuqarolarga tegishli huquqiy-konsullik yordamlar ko‘rsatilmoqda va ularga vatanga qaytish sertifikatlari o‘rnatilgan muddatda rasmiylashtirib berilmoqda.
Pasport o‘g‘irlansa yoki yo‘qolsa, fuqarolar bu haqida ariza bilan huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishlari lozim.
O‘z navbatida vakolatli idoralar pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani to‘g‘risida ma’lumotnoma beradi.
Ushbu muammoni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, aksar vatandoshlarimiz o‘zlarining Turkiyada noqonuniy yurganligi sababli pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani haqida politsiyaga murojaat qilmaydi. Ular Bosh konsulxonaga pasporti yo‘qolgan shaxs sifatida murojaat etishadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani to‘g‘risida politsiyaga o‘z vaqtida murojaat qilish kelajakda fuqaro pasporti bilan bog‘liq ehtimoliy muammolardan (jinoiy guruh a’zolari o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanishilari mumkin) asraydi.
Asosan pasportni o‘g‘irlatish yoki yo‘qotish holatlari Istanbul shahrining Fotih tumani hududi (sayyohlar va tadbirkorlar ko‘p keladigan Lalili, Oqsaroy, Qumkapi va Boyazit mavzelari)da ko‘p ro‘y bermoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarning o‘z pasportlarini o‘zgalarga garov sifatida berib, O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasiga hujjatini yo‘qotgan shaxs sifatida murojaat qilish holatlari ko‘paymoqda. Eng achinarlisi, pasportlarini garovga qo‘yib, Vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga ketganlar ustidan shikoyat arizasi bilan murojaatlar qilinmoqda va ularning garov evaziga olgan qarzlarini qaytarishlari talab qilinmoqda. Eng achinarlisi, pasportlarini garovga qo‘yib, Vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga ketganlar ustidan shikoyat arizasi bilan murojaatlar qilinmoqda va ularning garov evaziga olgan qarzlarini qaytarishlari talab qilinmoqda.
Bu kabi holatlarda Bosh konsulxona vaziyatga aniqlik kiritish va tegishli choralar ko‘rish uchun shikoyat arizasini rasmiylashtirib O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi idoralar manziliga yubormoqda.
Shu bilan birgalikda fuqaroning e’tiborsizligi tufayli pasportlarni amal qilish muddati o‘tib ketish holatlari ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bosh konsulxonaga e’tiborsizligi tufayli pasportining amal qilish muddati 5 - 7 yil oldin tugagan fuqarolar ham murojaat qilgan holatlar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, pasportni beparvolik bilan yo‘qotish eng kam ish haqining 1/2 qismidan 3 baravarigacha miqdorida jarima solishga asos bo‘ladi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi, 1-qismi).
O‘zbekistonning Turkiya Respublikasidagi Bosh konsulxonasi Turkiyada bo‘lib turgan yoki u bu yerga kelmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini o‘z shaxsini tasdiqlovchi fuqarolik pasportlarini asrab-avaylashga va undagi amal qilish muddatiga e’tiborli bo‘lishga chaqiradi.
Elchixona va Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish borasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Zarur holatlarda fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining Anqara shahridagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga (+90312 441-17-46, E-mail: uzconsul.ankara@gmail.com, faks:+90 312 442 70 58) yoki Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishi mumkin (+90 212 323-20-37, faks:+90 212 312 20 40, E-mail:uzbekconsul@yahoo.com).
LiveBarchasi